Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Isroil va HAMAS o‘rtasida erishilgan sulhni “misli ko‘rilmagan” deb atadi. U bu sulh boshqa mintaqalarda, xususan, Ukrainada ham urushga barham berishga umid uyg‘otganini ta’kidladi.
“Dunyoning bir nuqtasida tinchlik o‘rnatilishi — boshqa joylarda ham bunday imkoniyat borligini ko‘rsatadi”, deb yozgan Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlardan birida.
Unga ko‘ra, Yaqin Sharqda sulhga erishilgan bo‘lsa, global yetakchilar va ularning qat’iyati Ukraina uchun ham ijobiy natija olib kelishi mumkin.
“Umid qilamanki, prezident Tramp Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish uchun qo‘llagan bunday taktikani Putinga ham qo‘llaydi va Ukrainadagu urush to‘xtatiladi”, degan Zelenskiy Fox News nashriga bergan intervyusida.
Ukraina prezidenti Tramp bilan 12-oktyabr kuni telefon orqali muloqot qilgan. Suhbatda ikki rahbar Ukrainaning havo hujumidan mudofaasi, shuningdek, uzoq masofaga uchuvchi qurollar haqida so‘zlashgan. Bundan tashqari, Vashingtonning Kiyevga “Tomahawk” raketalarini yetkazib berish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.
Germaniya kansleri ham Trampdan umid qilmoqda
Ayni paytda, Germaniya kansleri Fridrix Mers ham AQSHning Ukrainadagi urushni hal etishda faol bo‘lishi kerakligini ta‘kidlamoqda. U Trampning G‘azo tinchlik sulhida muhim rol o‘ynaganini yuqori baholab, bunday yondashuv Ukrainaga ham foyda keltirishiga umid bildirgan. Mers bu fikrlarini Misrning Sharm ash Shayx shahrida, G‘azo bo‘yicha sammit arafasida bildirgan.
“Misrdagi uchrashuv shuni ko‘rsatadiki, urushni to‘xtatish mumkin. Buning uchun xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarishi kerak”, degan u.








