Falastinlik guruh HAMAS siyosiy byurosi a’zosi Musa Abu Marzuq televizion efirda Isroil bilan mahbuslar almashuvi dushanba — 13-oktyabr kuni boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Mahbuslar almashuvi katta ehtimol bilan dushanba kuni boshlanadi”, degan u.
Abu Marzuq almashuv jarayonida hech qanday harbiy marosimlar yoki bayram tadbirlari o‘tkazilmasligini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, tinchlik kelishuvidan so‘ng Isroil armiyasi “Sariq chiziq” deb ataluvchi chegaraga chekingan. Ammo yahudiy armiyasi G‘azoning taxminan 53 foiz hududini nazorat qilishda davom etmoqda.
“Isroilning chekinish chizig‘i to‘g‘ri ham, rejalashtirilgan ham emas. Biz hech qachon bosqinchi kuchlarning hozirgi pozitsiyalarida qolishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, degan Abu Marzuq.
Shuningdek, HAMAS a’zosi mintaqaga amerikalik harbiylar tinchlikni nazorat qilish uchun yuborilganini, lekin ular G‘azo chegarasida emas, Isroil tomonida joylashishini bildirgan. Abu Marzuq yaqin kelajakda G‘azo va G‘arbiy Sohilda tinchlik kuchlarini joylashtirish hamda milliy loyiha bo‘yicha muzokaralar boshlanishini aytgan.
Shuningdek, u Falastin muxtoriyati rahbarlarini milliy kelishuvga erishish uchun keng ko‘lamli yig‘ilish o‘tkazishga chaqirgan.
“Milliy kelishuv — Falastin xalqining hozirgi inqirozdan chiqish yo‘li. Biz Tramp rejasini va tinchlik kelishuvini xalqimiz manfaatlarini himoya qilish uchun qabul qildik. HAMAS Falastin xalqining taqdiri haqida yakka holda qaror qabul qilmaydi”, deya qo‘shimcha qilgan Abu Marzuq.








