Jazoir terma jamoasi 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining 20-ishtirokchisiga aylandi. Ular Afrika qit’asidagi saralash bosqichining “G” guruhida birinchi o‘rinni egallab, mundialga muddatidan oldin yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
9-tur doirasidagi o‘yinda Jazoir Somaliga qarshi bahs olib borib, raqibini 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Muhammad Amura 7 va 57-daqiqalarda dubl qayd etdi, yana bir golni esa 19-daqiqada Riyod Mahrez urdi. Ushbu g‘alaba evaziga jazoirliklar 22 ochko to‘plab, eng yaqin ta’qibchisi Uganda bilan oradagi farqni 4 ochkoga yetkazdi va saralash yakuniga bir tur qolganida Jahon chempionati chiptasini naqd qildi.
Shu tariqa, Jazoir 2026-yilda AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan mundialning rasman 20-ishtirokchisiga aylandi.
Afrika qit’asi: Marokash, Tunis, Misr, Jazoir;
Osiyo qit’asi: Yaponiya, Eron, O‘zbekiston, Janubiy Koreya, Iordaniya, Avstraliya;
Janubiy Amerika qit’asi: Argentina, Braziliya, Urugvay, Ekvador, Kolumbiya, Paragvay;
Shimoliy Amerika qit’asi: AQSH, Kanada, Meksika;
Okeaniya: Yangi Zelandiya.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. AQSH, Meksika va Kanada mamlakatlari mezbonlik qiladigan musobaqa 2026-yilning iyun-iyul oylari bo‘lib o‘tadi.








