O‘zbekiston Superligasi 24-turidan o‘rin olgan “Bunyodkor” va “Nasaf” jamoalari o‘rtasidagi bahs 4-oktyabr, shanba kuni Toshkentdagi “Olimpiya” stadionida bo‘lib o‘tdi. Qiziqarli va gollarga boy o‘tgan bahsda tomonlar 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Uchrashuvdagi hisob 14-daqiqada Imeda Ashortiya tomonidan ochildi. Oradan 5 daqiqa o‘tib “Nasaf” hisobni tenglashtirdi. Burchakdan uzatib berilgan to‘pni Alibek Davronov bosh bilan kiritib, tablodagi natijani 1:1 ko‘rinishga keltirib qo‘ydi. 40-daqiqada “Bunyodkor” yana hisobda oldinga chiqib oldi. Amir To‘raqulov uzoq masofadan zarba yo‘llab, Abduvohid Ne’matov qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qildi — 2:1. Ikkinchi bo‘limning 58-daqiqasida hisob yana tenglashdi. Husayn Norchayev “Bunyodkor” darvozasiga gol kiritib, umumiy natijani tenglashtirdi. O‘yin yakuni arafasida qarshiliklar g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, biroq Norchayev hakam tomonidan belgilangan penaltini golga aylantira olamdi. Natijada o‘yin 2:2 hisobida yakunlandi va jamoalar 1 ochkodan bo‘lishib oldi.
Mazkur natijadan keyin “Nasaf” hisobidagi ochkolar soni 53 taga yetdi. Jamoa hozirda turnir jadvalining 1-pog‘onasini egallab turibdi. “Bunyodkor” esa 40 ochko 5-o‘rinni band etgan.
O‘zbekiston Superligasi
24-tur
“Bunyodkor” — “Nasaf” 2:2
Gollar: 1:0 — Ashortiya (14), 1: 1 — Davronov (19), 2:1 — To‘raqulov (40), 2:2 — Norchayev (58);








