Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va uning slovakiyalik hamkasbi Robert Fitso AQSH va Yevropaning Rossiya neftidan voz kechish talabiga nisbatan norozilik bildirdi.
Slovakiya hukumatining rahbari Orbanning fikrini qo‘llab-quvvatlab, Yevropaning Rossiya gazidan voz kechish qarorini siyosiy va mafkuraviy qaror deb atadi.“Hech kim bizga qayerdan gaz va neft sotib olishni belgilab berolmaydi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, energiya manbalarini qayerdan xarid qilishni belgilash davlatning suveren huquqidir”, degan Fitso.
Har ikki bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning “Drujba” quvuridan yetkazib berilayotgan neftni to‘xtatish iqtisodiy va texnik jihatdan imkonsiz. Vengriya va Slovakiyaning dengizga chiqish imkoniyati cheklangan. Shu sababli ular Rossiyaning neft mahsulotlariga qaramlikdan qutulishi deyarli ilojsiz.
Slovakiya prezidenti Peter Pellegrini bu masalani AQSH prezidenti Donald Tramp bilan ham muhokama qilgan. Pellegrini Tramp bilan muloqot konstruktiv o‘tganini ma’lum qilgan.
AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlarini Rossiyaning energiya mahsulotlaridan voz kechishga chaqirmoqda. Qo‘shma Shtatlar yetakchisi bu ritorikasini BMT minbarida qilgan nutqida ham takrorladi. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Trampning so‘zlarini to‘g‘ri ekanligini aytib, Yevropa Ittifoqi rus neftidan to‘liq qutulishga harakat qilishini bildirgan.








