Daryo

Bogʻchalarda bolalar zaharlangani boʻyicha yangi ma’lumotlar e’lon qilindi

27-sentyabr kuniga yana 421 nafar bolaning ahvoli yaxshilangani sababli uyga javob berilishi aytildi.

1 daqiqa o‘qish1 861 ko‘rishlar0 izoh1

Toshkent viloyatining qator maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar zaharlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov axborot berdi.

Unga ko‘ra, jami 1922 nafar bola, jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ulardan 959 nafarida klinik belgilar kuzatilmagani sababli uylariga javob berilgan. Keyingi davr mobaynida yana 269 nafar bola sog‘ayib, uyiga qaytarilgan.

Hozirgi kunda 694 nafar bola shifoxonalarda davolanmoqda, ulardan 13 nafarining ahvoli o‘rtacha og‘irlikda baholanmoqda. Bugungi kunda yana 421 nafar bolaning ahvoli yaxshilangani bois uylariga javob berilishi rejalashtirilmoqda.

Bemor bolalarga malakali yordam ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan muassasalardan 100 dan ortiq olim va mutaxassis jalb etilgan. Ularning sa’y-harakatlari bilan davolash jarayonlari zamonaviy standartlarga muvofiq olib borilmoqda.

Vazirlik huzurida tashkil etilgan shtab xulosasiga ko‘ra, bolalarga o‘tkir gastroenterit tashxisi qo‘yilgan. Mazkur kasallik og‘ir yoki hayot uchun xavfli toifaga kirmaydi va odatda asoratsiz o‘tib ketadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan joylarda epidemiologik surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda. Olingan namunalarning laboratoriya tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha axborot berilishi ma’lum qilindi.

Qo‘shimcha qilinishicha, dori vositalarining yetarli zaxirasi yaratilgan, barcha bolalarning sog‘lig‘i davlat nazoratida. Aybdor shaxslarning javobgarligi esa huquqiy tartibda baholanadi.

Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov ushbu voqea yuzasidan bosh prokurorga deputatlik soʻrovi joʻnatdi.

Dastlabki taxminlarga koʻra, bolalar sogʻligʻidagi oʻzgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab boʻlgan. 

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar