Xitoyning Hunan provinsiyasidagi kichik qishloqda yashovchi 18 yoshli Jang Shijie mustaqil ravishda raketa yasashni o‘zlashtirib, uni 400 metr balandlikka uchirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Jang hozirda Xitoydagi nufuzli Shenyang aerokosmik universitetining aviakosmik muhandislik yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingan. Uning raketalarga bo‘lgan qiziqishi 14 yoshida, otasi bilan raketa uchirilishini jonli efirda tomosha qilganidan so‘ng paydo bo‘lgan. U hech qanday ilmiy laboratoriyasiz, qishloq maktabidagi oddiy sharoitlarda, internet orqali raketa yasashni o‘rgangan. Xususan, Douyin (TikTok’ning xitoycha versiyasi) orqali turli qo‘llanma videolarni o‘rganib chiqqan.
U dastlab cho‘chqaxonadan nitrat olib, uni shakar va suv bilan qaynatib yonilg‘i tayyorlashga harakat qilgan. Keyinroq esa maktabda o‘rgangan filtrlash usulidan foydalanib, o‘g‘itlardan toza yonilg‘i ajratishni o‘rgangan. Raketa dvigatellarini yasashda PVC quvurlar (korroziya va kimyoviy moddalarga chidamli polivinilxlorid quvur), sement va boshqa arzon materiallardan foydalangan.
U 3D modellashtirishni ham o‘zi mustaqil o‘rgangan va raketa qismlarini bosib chiqarish uchun 3D-printer sotib olgan. Bola buning uchun o‘zining yiqqan pullari va sinfdoshlaridan olgan qarzlaridan foydalangan.
Jang o‘zining ilk uchirish sinovini 2023-yil iyun oyida tug‘ilgan kunida amalga oshirgan — birinchi urinish yomg‘ir sabab muvaffaqiyatsiz chiqqan. Ammo u keyingi kuni raketani muvaffaqiyatli uchira olgan. Bugungi kungacha u 100 dan ortiq tajriba o‘tkazgan va 4 xil dvigatel yasashga muvaffaq bo‘lgan.
Jangning maktabi uning loyihalariga 3 500 yuan (taxminan 500 dollar) ajratgan. Hattoki, xattotlik uchun mo‘ljallangan xona raketa ustaxonasiga aylantirilgan.
“Bu xona — mening ma’naviy uyim”, deydi Jang.
U o‘z loyihalaridan ayrimlarini sotib, sinfdoshlaridan olgan qarzlarini to‘lagan. Jang oddiy oilada tug‘ilgan: otasi Changsha shahrida haydovchilik qiladi, onasi esa bolalar tarbiyachisi bo‘lib ishlaydi.
“Boshqa bolalar o‘yin o‘ynaganida, u har doim o‘yinchoqlarni ochib, ichida nima borligini o‘rganishga qiziqardi”, deydi bolaning otasi.








