Daryo

Xitoy Tinch okeanida yadroviy suvosti kemasidan raketa uchirdi

Pekinning sinov tariqasida amalga oshirgan harakati mintaqadagi qo‘shni davlatlar — Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning keskin e’tirozi hamda jiddiy xavotiriga sabab bo‘ldi.

3 daqiqa o‘qish3 291 ko‘rishlar0 izoh2

Xitoy harbiylari 6-iyul kuni Tinch okeaniga yadroviy suvosti kemasidan ballistik raketa uchirdi. Sinov tariqasida amalga oshirilgan harakat Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Bu haqada Reuters xabar berdi.

Bu davlatlar Pekinning mintaqadagi harbiy ta’siri kengayib borayotganidan xavotirda. Ma’lum qilinishicha, Xitoy Xalq ozodlik armiyasi harbiy-dengiz kuchlarining yadroviy suvosti kemasi mahalliy vaqt bilan soat 12:01 da Tinch okeanidagi xalqaro suvlarga qarata raketa uchirgan. Sinxua axborot agentligining bildirishicha, raketaga soxta jangovar kallak o‘rnatilgan bo‘lgan.

Raketa belgilangan hududga borib tushgan. Ammo aniq joy nomi ochiqlanmadi. Sinxua bu sinovni Xitoyning yillik harbiy tayyorgarlik rejasidagi “odatiy tadbir” deb atadi. Shuningdek, bu biror bir davlat yoki nishonga qarshi qaratilmagani ta’kidlandi.

Mintaqa davlatlari munosabati

Avstraliya tashqi ishlar vaziri Penni Vongning aytishicha, Xitoy hukumati Avstraliyani rejalashtirilgan sinov haqida ogohlantirgan. Biroq u bu harakatni mintaqada vaziyatni beqarorlashtiruvchi qadam deb baholadi.

“Bu sinov Xitoy harbiy salohiyatining tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgani sharoitida yuz berdi. Ammo bu jarayonda mintaqa kutayotgan shaffoflik va maqsadlar aniqligi yetishmayapti”, dedi Penni Vong Fijining Suva shahridagi matbuot anjumanida.

Raketa sinovi Avstraliya va Fiji muhim mudofaa ittifoqini imzolaganidan bir necha soat o‘tib amalga oshirildi. Mazkur kelishuvga ko‘ra, tomonlardan biriga hujum qilinsa, ikkinchisi yordamga kelishi shart.

Pekin va AQSH hamda Avstraliya boshchiligidagi G‘arb davlatlari strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu orol-davlatlarda ta’sir o‘tkazish uchun yillardan buyon raqobatlashib keladi. Xitoy Tinch okeanining janubiy qismida o‘z iqtisodiy va xavfsizlik ta’sirini kengaytirishga urinmoqda.

Yangi Zelandiyadagi Starboard Maritime Intelligence tahlil markazi eksperti Mark Duglasning fikricha, sinov ancha oldin rejalashtirilgan. U Avstraliya va Fiji “Tinchlik okeani ittifoqi”ni imzolaganidan so‘ng Xitoydan ogohlantirish kelganini “juda qiziq holat” deb atadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning yangi imzolangan mudofaa pakti haqidagi savolga javob berdi. U Xitoy tegishli davlatlardan orol-davlatlarining mustaqilligi va muxtoriyatini hurmat qilishni hamda uchinchi tomonlar manfaatlariga zarar yetkazmaslikni so‘rashini aytdi.

Ogohlantirishdan bir necha soat o‘tib amalga oshirilgan sinov

Yangi Zelandiya tashqi ishlar vaziri Uinston Piters o‘z mamlakati ushbu sinovdan chuqur xavotirda ekanini bildirdi.

“Bizning bunday harakatlar bo‘yicha uzoq yillik xavotirlarimizga qaramay, Xitoy bizni xabardor qilganidan bir necha soat o‘tib sinovni o‘tkazdi. Yangi Zelandiya buni nomaqbul va tashvishli holat deb hisoblaydi. Qo‘shnilarimiz kabi biz ham Xitoyning Tinch okeani janubidan raketa sinov maydoni sifatida foydalanishini istamaymiz”, dedi Piters.

Yaponiya hukumati ham raketa uchirilishi haqida xabar olganini va Xitoyni bu fikridan qaytishga chaqirganini ma’lum qildi. Tokio Xitoy harbiylarining faollashganidan jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Xitoy rasmiylari 5-iyul kuni Yaponiya sohilsiz xavfsizlik xizmatini mamlakatning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga koinot chiqindilari tushishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Kyodo axborot agentligi manbasiga ko‘ra, raketa Yaponiya iqtisodiy zonasidan tashqariga tushgan. Yaponiya Vazirlar mahkamasi bosh kotibi Minoru Kiharaning matbuot anjumanida aytishicha, sinov oqibatida mamlakat samolyotlari yoki kemalariga zarar yetgani haqida ma’lumot kelib tushmagan.

Mintaqadagi tanqidlarga javoban Mao Ning raketa sinovi to‘liq xavfsiz, standartlashtirilgan va professional tarzda o‘tkazilganini ta’kidladi.

“Biz tegishli davlatlar ushbu masalani ortiqcha bo‘rttirib yubormasligiga umid qilamiz”, deya qo‘shimcha qildi u Pekindagi brifingda.

Avvalroq Xitoy Tayvanning sharqiy qirg‘oqlari yaqinidagi dengiz hududida yangi qirg‘oq qo‘riqlash patrulini yo‘lga qo‘yganini ma’lum qilgandi. Bu qaror Taypeyning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Xitoy Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati bayonotiga ko‘ra, patrul kemalari mazkur hududda muhofaza qilish patrulligini hamda Pekin o‘z yurisdiksiyasiga kiritadigan suv hududlarida reydlar yanada kuchaytiriladi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar