AQSH prezidenti Donald Tramp Tayvanga 400 million dollarlik harbiy yordam ajratilishini blokladi. Bu haqda manbalarga tayanib, The Washington Post xabar berdi.
Tegishli qaror Xitoy bilan ehtimoliy savdo kelishuvi va Xitoy yetakchisi Si Szinpin bilan bo‘lib o‘tadigan sammit oldidan qabul qilindi. Tramp bevosita yordam o‘rniga Tayvan qurollarni AQSHdan tijorat shartnomalari orqali sotib olishini xohlaydi. Bungacha orol davlati qurol-yarog‘ni asosan harbiy yordam dasturlari doirasida olgan.
AQSHdagi ayrim amaldorlar Tramp ma’muriyatining bu qadamini ma’qullamagan. Masalan, hozirda Amerika tadbirkorlik institutida faoliyat yuritayotgan sobiq Pentagon xodimi Den Blyumental buni tanqid qilgan. U “AQSHning hozir aynan gaz pedalidan oyog‘ini olishi uchun mutlaqo noo‘rin payt” deb baholagan.
Qaror qurol-yarog‘ yetkazib berish jarayonini kechiktirishi va Tayvanning xarajatlarini oshirishi mumkin. Nashr buni Vashingtonning orol xavfsizligini ta’minlash borasidagi yondashuvini qayta ko‘rib chiqayotganidan dalolat sifatida baholagan.
1949-yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan Tayvan 1980-yillardan beri Xitoy ilgari surayotgan “bir mamlakat, ikki tizim” modelini rad etadi. Vashingtonning Taybey bilan diplomatik aloqalari yo‘q. Ammo AQSH 1979-yilda qabul qilingan “Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risida”gi qonun doirasida unga o‘zini himoya qilish uchun qurol sotadi.








