Daryo

Xitoy AQSHdan Tayvanni qurollantirishni to‘xtatishni talab qildi

Xitoy o‘z suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini bildirgan.

1 daqiqa o‘qish1 828 ko‘rishlar0 izoh0

Xitoy AQShning Tayvan bilan 330 million dollarlik harbiy kelishuvni qoralab, qurollantirishni to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan matbuot anjumanida ma`lum qilgan.

AQSH Mudofaa vazirligi 13-noyabr kuni Tayvanga F-16 qiruvchi samolyotlari, C-130 Hercules transport samolyotlari va IDF ko‘p maqsadli jangovar samolyotlarini sotishni ma’qulladi. Shuningdek, AQSH nostandart butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar va sarflanadigan materiallarni ham yetkazib beradi. Paketga texnik xizmat ko‘rsatish va asbob-uskunalarni qaytarish xizmatlari ham kiritilgan.

Bu Vashington prezident Donald Trampning ikkinchi muddati davomida Tayvan bilan tuzgan birinchi harbiy bitim hisoblanadi.

Lin Szyan AQShning Tayvanga harbiy qurollar sotishi “yagona Xitoy” tamoyilini buzayotganini bildirgan. Shuningdek, “Uch qo‘shma bayonot” ikki davlat munosabatlarining siyosiy asosini tashkil etishini eslatib o‘tgan.

“Xitoy Vashingtonning bu asosga putur yetkazadigan har qanday harakatini qoralaydi”, deydi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili.

​Lin Tayvan masalasi Xitoy va AQSH munosabatlarida “birinchi qizil chiziq” bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan. U AQShni o‘z rahbarlarining majburiyatlariga rioya qilishga va Tayvan mustaqilligi tarafdori bo‘lgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirgan. Uning fikricha, Tayvanni harbiy yordam bilan mustahkamlashga urinishlar jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Bundan tashqari rasmiy vakil Xitoy o‘z suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishini bildirgan.

Tayvan amalda 1949-yildan beri o‘zini o‘zi boshqarmoqda. Xitoy orolni o‘z hududining bir qismi deb hisoblaydi. Pekin “yagona Xitoy” tamoyilini ta’kidlab, Tayvan bilan har qanday harbiy aloqalarga qarshi chiqmoqda.

Xitoy orolga nisbatan harbiy bosimni kuchaytirmoqda. Pekin, agar shunday zarurat tug‘ilsa, birlashish uchun kuch ishlatishni istisno etmaydi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar