Daryo

Isroil Suriyaga yangi xavfsizlik kelishuvini taklif qildi

Tomonlar Londonda muzokara o‘tkazdi. Unga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi bufer zona yana 2 kilometrga cho‘ziladi.

1 daqiqa o‘qish1 420 ko‘rishlar0 izoh3

Isroil va Suriya vakillari 17-sentyabr kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonda yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda Anadolu xabar berdi.

Uchrashuvda Suriya tashqi ishlar vaziri Assod Xasan Sheybani, Isroilning strategik masalalar bo‘yicha vaziri Ron Dermer ishtirok etgan. Manbalarning xabar berishicha, uchrashuvga AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Tom Barrak ham kelgan. Uning vositachi sifatida qatnashgani aytilmoqda.

Isroil tomoni Suriyaga yangi xavfsizlik kelishuvi loyihasini taklif etgan. Taklifga ko‘ra, Golan tepaliklari yaqinidagi bufer zona Suriya hududiga 2 km kengaytirilishi va 3 ta sektor — A, B, S ga bo‘linishi ko‘zda tutilgan. Har bir zonada qanday turdagi qurollar joylashtirilishi aniq belgilanadi. Zona yaqinida Suriya qo‘shinlari va og‘ir qurollar joylashtirilmasligi, biroq politsiya va ichki xavfsizlik kuchlariga ruxsat berilishi taklif etilgan.

Shuningdek, Isroil Damashq janubi-g‘arbi va Golan oralig‘idagi havo hududini Suriya aviatsiyasi uchun yopiq deb e’lon qilishni istamoqda. Buning evaziga, Tel-Aviv 2024-yil dekabrdan beri egallab turgan Suriyadagi ayrim hududlardan bosqichma-bosqich chiqishga tayyorligini bildirgan. Ammo Jabal ash-Shayx (Hermon tog‘i) bundan mustasno bo‘ladi. Uchrashuv ishtirokchilari rasmiy izoh bermagan, muzokaralarning natijasi ham noma’lum.

Suriya prezidenti Ahmad Ash-Shara’a 12-sentyabr kuni davlatga qarashli ”Al-Ikhbariyah Syria” yangiliklar kanaliga intervyu berib, unda mamlakatning Isroilga nisbatan pozitsiyasi hamda Quddus bilan o‘zaro munosabatlari muhokama qilingandi. Intervyuda prezident yahudiy davlati bilan xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, muzokaralar 1974-yildagi “ajralish” kelishuvi bo‘yicha mavjud bo‘lgan xavfsizlikni tiklashga qaratilgan. 

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar