Suriya bo‘yicha BMT tergov komissiyasi 8-sentyabr kuni Isroilning Suriya hududidagi harbiy faoliyatidan chuqur xavotirda ekanini bildirdi. Tashkilot ba’zi harakatlar, jumladan, tinch aholini hibsga olish urush jinoyatiga tenglashtirilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
BMT Inson huquqlari kengashiga hisobot taqdim etgan komissar Fionnuala Ni Aolayn Isroilning Suriya janubidagi harbiy operatsiyalari tobora barqaror va izchil tus olayotganini aytdi. Bu hududda tinch aholiga ta’sir ko‘rsatayotgan quruqlikdagi reydlar muntazam o‘tkazilmoqda.
Isroilning Jenevadagi missiyasi komissiyani “Isroilni obro‘sizlantirish sessiyasi” o‘tkazishda aybladi va mamlakat Suriya hududiga da’vo qilmasligini bildirdi.
“Isroil o‘z fuqarolarini tahdidlardan himoya qilish uchun Suriyaning 0,1 foizini tashkil etuvchi vaqtincha bufer zonani saqlab turibdi”, deyiladi missiya bayonotida.
Suriya sobiq prezident Bashar Asad hokimiyati ag‘darilganidan keyin deyarli ikki yil o‘tib, qayta tiklanishga harakat qilmoqda. Isroil qo‘shinlari 2024-yil dekabr oyida Asad hukumati qulaganidan so‘ng BMT nazoratidagi bufer zonaga kirgan edi. Tel Aviv bu harakatni vaqtinchalik va siyosiy o‘tish davrida chegarani himoya qilish uchun zarur deb izohlaydi.
O‘shandan beri Isroil Suriya harbiy infratuzilmasiga yuzlab zarbalar berdi hamda Suriya ichkarisidagi yangi pozitsiyalarni egalladi. Suriya hukumati va BMT Isroilning bu harakatlarini mamlakat suverenitetini buzish deb atadi. Shuningdek, bu harakatlar 1974-yilda tuzilgan harbiy kuchlarni ajratish haqidagi bitimga ham zid keladi. Isroil esa harakatlarini o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun zarur deb ta’kidlamoqda.
Mustaqil xalqaro tergov komissiyasi Isroil Suriya hududida, ayniqsa, janubiy Quneytra va Daraa viloyatlarida vaqtincha nazorat-o‘tkazish punktlari va doimiy harbiy infratuzilma o‘rnatganini hujjatlashtirganini ma’lum qildi.
“Komissiya Isroilning davom etayotgan qoidabuzarliklaridan chuqur xavotirda”, dedi Ni Aolayn.
U mamlakat qayta tiklanayotgan bir paytda mahalliy aholi Isroil harakatlaridan sarosimada ekanini qo‘shimcha qildi.
Iyun holatiga ko‘ra, komissiya Isroil harbiylari tomonidan Suriya hududida ushlangan va chegara orqali olib o‘tilgan 49 nafar suriyalikni, jumladan, ikki nafar bolani aniqlagan.
“Bunday harakatlar urush jinoyati bo‘lishi mumkin”, dedi Ni Aolayn.
Sessiya doirasida e’lon qilingan bayonotda komissiya ba’zi mahbuslar tashqi dunyo bilan aloqasiz ushlab turilganini bildirdi. Bu esa qiynoqlar va yomon munosabat xavfini oshiradi. Komissiya Isroilning bu hududdagi mavjudligini “bosqinchilik” deb atadi.
Suriyaning BMTdagi vakili komissiya xulosalarini olqishladi. Damashq sobiq hukumat davridagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni ta’minlash jarayonida BMTning inson huquqlari mexanizmlari bilan hamkorlik qilishini yana bir bor tasdiqladi. Suriya vakili ham Isroil harbiy operatsiyalarini qoraladi va Isroilni xalqaro huquq hamda 1974-yilgi kelishuvni buzishda aybladi.
Avvalroq Suriya va Isroil Iordaniyada muzokara o‘tkazgani haqida xabar berilgandi. AQSH vositachiligida o‘tgan uchrashuvda Isroilning harbiy zarbalarini to‘xtatish va tomonlar o‘rtasidagi xavfsizlik bitimini qayta tiklash masalalari muhokama qilingan. Shuningdek, Tel Aviv va Anqara o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish ham ko‘rib chiqilgan.








