Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 16-sentyabr kuni Namangan viloyatiga keldi va tashrifni aeroportda olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirishdan boshladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, aeroportda ulkan yuk terminali qurilmoqda. U kuniga 50 tonna yuk tashish va 90 ta mamlakatga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, bu orqali vodiyda yagona kargo tizimi yaratiladi. Hududning biznes, eksport va tranzit salohiyati oshadi. Bu yil Namangan viloyatiga 1,5 million xorijiy va 2 milliondan ortiq mahalliy sayyohlarni jalb qilish, xizmatlar eksportini 210 ming dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Aeroportda maxsus servis texnikalari ham yangilanadi. Bu turli hajmdagi samolyotlarni qabul qilish va ularga xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Shuningdek, keytering, yonilgʻi quyish majmuasi va boshqa xoʻjalik binolari quriladi. Yangi terminallar kelgusi yil ishga tushirilishi koʻzda tutilgan.
Davlat rahbari aeroport atrofidagi infratuzilmani unga mutanosib rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Dunyoning ilgʻor tajribasidagi kabi, aeroport atrofida mehmonxonalar, savdo va koʻngilochar majmualar, barcha zamonaviy xizmatlar boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. Avtoturargoh va servis obyektlari tashkil etib, mehmonlar uchun qulayliklarni kengaytirish vazifasi qoʻyildi.
Perezidentning ikki kunlik safari dasturidan sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va ijtimoiy sohada ishga tushirilgan yangi obyektlar bilan tanishishdan, viloyatni kompleks rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazish o‘rin olgan.








