Manbaga ko‘ra, 14-sentyabr kuni Walrus va Samos tankerlari Primorsk portida neft yuklagan. Walrus allaqachon portni tark etgan, Samos esa Turkiyaga mo‘ljallangan yuk bilan hanuz joyida turibdi. Yana bir tanker — Jagger neft terminali yoniga to‘xtagan.
Primorsk Rossiyaning Boltiq dengizidagi eng yirik neft terminali bo‘lib, bu yerda kuniga 970 ming barrel Urals markali neft yuklanadi.
12-sentyabr kuni Ukraina dronlari Primorsk portiga hujum qilib, xomashyo yuklash jarayonini vaqtincha to‘xtatgan. Natijada Rossiya 40 million dollarlik zarar ko‘rgan. Shuningdek, ukrainaliklar Leningrad viloyatiga ham keng ko‘lamli dron zarbalari uyushtirib, hujumlarni Lukoil kompaniyasining obyektlariga qaratgan.
Rossiya kuniga 5 million barrel neft va kondensat eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, 2025-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 4,3 million barrelgacha kamaydi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya o‘tgan yili 192 milliard dollarlik neft sotgan.
AQSH va Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush sababli Rossiya neftiga cheklovlar joriy qilganidan so‘ng, Moskvaning asosiy xaridorlari Xitoy va Hindiston bo‘lib qolmoqda. Qo‘shma Shtatlar Yevropa va boshqa ittifoqchilari bilan birga Xitoy va Hindistonga bojxona bojlari qo‘llashni rejalamoqda. Ularning fikricha, bu mamlakatlar Rossiya neftini sotib olib, Vladimir Putinga urush mashinasini moliyalashtirishda yordam bermoqda.








