Daryo

Prezident bir guruh o‘qituvchilarga mukofotlar topshirdi

Bo‘stonliqda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, muallimlarni tabrikladi.

2 daqiqa o‘qish2 875 ko‘rishlar0 izoh0

Bugun, 15-sentyabr kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, muallimlarni tabrikladi, taʼlim bilan bogʻliq oʻzgarishlar va rejalar boʻyicha muloqot qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentning joriy yil 11-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangandi. Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
“Men koʻplab soha vakillariga unvon, orden va medallar beraman. Lekin ustozlar mukofotlanadigan kunni sogʻinib kutaman. Koʻksingizni bezab turgan orden-medallar muborak boʻlsin. Yurtimizda yuksak mukofotlarga munosib fidoyi muallimlar koʻpaysin”, deya davlat rahbari soʻzlarini keltirgan Prezident matbuot xizmati.

​

Foto: Prezident matbuot xizmati 

Tadbirda taʼlim sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha muloqot boʻlib oʻtgan. Unda videoaloqa orqali butun respublikadan 40 mingdan ziyod ustoz va murabbiylar qatnashgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Muloqotda oʻtgan sakkiz yilda taʼlim va ilm-fanga xarajatlar olti karra oshirilib, 378 trillion soʻm mablagʻ ajratilgani maʼlum qilingan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“2017-yilda 4 mingdan ortiq mahallada birorta ham bolalar bogʻchasi yoʻq edi, qamrov 27 foizdan oshmasdi. Bugungi kunda bogʻchalar soni 38 mingdan, qamrovi esa 78 foizdan oshdi. Yaqinda eʼlon qilingan yangi imtiyoz va imkoniyatlar natijasida maktabgacha taʼlim kirib bormagan birorta mahalla qolmaydi, qamrov ham 80 foizdan kam boʻlmaydi”, deyiladi manbada.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yigʻilishda endilikda davlat va xususiy bogʻcha tarbiyachilarini ishdan ajralmagan holda oliy taʼlimda oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi bildirilgan. Bunda prezident maktablari kabi har bir viloyatda “Yangi avlod” bogʻchalari tashkil qilinib, tarbiyachilar ilgʻor pedagogik texnologiyalarni oʻrganadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Mamlakat aholisi soʻnggi 34 yilda ikki karra oʻsib, 38 milliondan oshdi. Hozirda maktablarda 6,5 million oʻquvchi taʼlim olyapti. Soʻnggi sakkiz yilda 500 ga yaqin yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaygani hisobiga 1 million oʻquvchi oʻrni yaratildi. 200 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlar xususiy maktablarda oʻqiyapti”, deyiladi xabarda.

Rejaga koʻra, maktab davrida oʻquvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirish uchun 9- va 11-sinf oʻquvchilariga yagona davlat imtihonlari joriy qilinadi. Shu orqali 400 mingga yaqin 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarga qamrab olinadi. Oʻqishni maktabda davom ettirib, oliygohga kirish istagida boʻlgan yoshlarga fanlar tanlov asosida chuqurlashtirib oʻtiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
“Har yili oʻn minglab maktab oʻquvchilari xorijiy til va fanlar boʻyicha xalqaro sertifikatlar olyapti. Endi bunday sertifikatlar maktabdagi yakuniy imtihonlarda ham tan olinadi. Davlat rahbari kasbiy taʼlim masalasiga alohida toʻxtaldi. Soha uchun 2026-yil — yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga oʻrgatish yili boʻlishi taʼkidlandi. Shu maqsadda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil qilinadi. Agentlikning asosiy vazifasi barcha 598 ta texnikumga yangi muhit olib kirish va xalqaro standartlarni joriy qilishdan iborat boʻladi”, deya qayd etgan manba.

Yigʻilishda oʻqituvchi va talabalar, taʼlim tashkilotlari rahbarlari bilan muloqot qilinib, taklif va fikrlari tinglangan.

Farg‘onadanman. Oʻzbekiston Milliy universitetini tamomlaganman. “Daryo”da 2022-yildan beri muxbirman. Iqtisodiy-siyosiy voqealarni yoritib boraman. Yoqtirgan kinolarimdan biri — “Shoushenkdan qochish”. Oxirgi o‘qilgan kitoblardan iqtisodchi olimlar Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinson hammuallifligidagi “Mamlakatlar tanazzuli sabablari…” kitobi yoqdi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar