G‘azo sektorida ko‘ngilli tarzda ishlayotgan xorijlik doktorlar so‘nggi oylar ichida shifoxonaga aynan boshi yoki ko‘kragidan o‘q yegan 100 dan ortiq bola olib kelinganini ma’lum qildi. Bu holatlar, shifokorlarning fikricha, bolalar atayin nishonga olinayotganidan darak beradi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 15 nafar shifokor 15 yoshdan kichik bolalardagi olingan jarohat aynan bosh yoki ko‘krak qismida bo‘lganini ta’kidlamoqda. Umumiy hisob-kitobdan ayon bo‘lishicha, shu kabi kamida 114 holat qayd etilgan. Ularning aksari hayotdan ko‘z yumgan, tirik qolganlari esa og‘ir jarohatlar qoldirgan ayanchli oqibatlar bilan yashashga majbur bo‘lmoqda.
“Bu tasodifiy o‘q uzish emas. Bu — jinoyat. Men G‘azoda boshi yoki ko‘kragidan o‘q yegan 18 nafar bolani davoladim”, dedi amerikalik shifokor Mimi Syed.
Kaliforniyalik travmatolog Feroze Sidhva dastlab bunday holatlardan shubhalanmaganini, lekin birgina shifoxonada bir nechta bolaning boshi nishonga olinib, o‘q yeganini ko‘rgach, fikrini o‘zgartirganini bildirgan.
“Bu tasodif emas. Bu atayin o‘q uzish. Kimdir atayin bolalarga o‘q uzmoqda. Ataylab qirg‘in uyushtirilmoqda”, dedi u.Rentgen tasvirlari tahlil qilinganda, o‘qlarning uzoq masofadan — snayper yoki dron orqali berilgani tasdiqlangan. Niderlandiyalik sobiq harbiy qo‘mondon Mart de Kruifga ko‘ra, bu miqdordagi bolalarning bosh yoki ko‘kragidan o‘q yeyishini “tasodif” deb atab bo‘lmaydi.
Bu kabi ayblovlar ilk bor bildirilayotgan emas. 2024-yil avgust oyida BBC tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda G‘azoda 160 dan ortiq bola Isroil armiyasi tomonidan otib o‘ldirilgani aniqlangan. Ulardan 95 nafari bosh yoki ko‘kragidan o‘q yegan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holatlarning aksariyati 12 yoshdan kichik bolalar bilan bog‘liq. Isroil armiyasi esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etib kelmoqda.
Har kuni o‘rtacha 28 bola halok bo‘lmoqda
Falastin Inson huquqlari markazi (PCHR) tomonidan 2023-yil dekabr oyida e’lon qilingan “Yo‘q qilinayotgan avlod: genotsid nishonidagi G‘azo bolalari” nomli hisobotda Isroil G‘azodagi bolalarga qarshi genotsid harakatlarini amalga oshirayotgani aytilgan.
Markaz rahbari Raji Souraniga ko‘ra, yahudiy davlatining hujumlari asosan turar joylar va boshpanalarni nishonga olmoqda. Oqibatda halok bo‘lganlarning ko‘pchiligini aynan bolalar tashkil etmoqda.
G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi hisobotlariga ko‘ra, 2023-yil oktyabr oyidan beri G‘azoda 20 mingga yaqin bola halok bo‘lgan. BMT hozirda har kuni o‘rtacha 28 bola hayotdan ko‘z yumayotganini bildirmoqda. Shuningdek, urush davrida kamida 21 ming bola nogiron bo‘lib qolgan.








