Daryo

Fransiyada deputatlar Makronga qarshi impichment loyihasini imzoladi

Iyul oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va bosh vazir Fransua Bayruning ommabopligi reytingi mamlakat tarixidagi eng past ko‘rsatkichga yetgani xabar qilingandi.

1 daqiqa o‘qish1 074 ko‘rishlar0 izoh0

Fransiya parlamentining yuzdan ortiq deputati prezident Emmanuel Makronni impichment qilish loyihasiga imzo qo‘ydi. Bu haqda “Bo‘ysunmagan Fransiya” partiyasi parlament fraksiyasi rahbari Matilda Pano ma’lum qildi.

“Tarixiy lahza! 10-sentyabrdagi xalq namoyishlarining muvaffaqiyatidan so‘ng “Bo‘ysunmagan Fransiya”dan, dengiz orti hududlaridan, ekologlar va kommunistlar partiyalaridan 104 nafar parlamentariy respublika prezidentini lavozimidan chetlatish taklifiga imzo qo‘ydi. Makron iste’foga chiqishi shart”, deya yozdi u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
​

Seshanba kuni so‘l kuchlar parlamentga Makronni hokimiyatdan chetlatish tartib-qoidasini boshlash to‘g‘risidagi qaror loyihasini taqdim etgan. Taklifni ko‘rib chiqish haqidagi qarorni parlament quyi palatasining oliy kollegial organi - Milliy Majlis byurosi qabul qiladi. So‘ngra qaror matni qonunchilik komissiyasi tomonidan ma’qullanishi, keyin esa ikki hafta ichida Milliy Assambleyaning uchdan ikki qismi uni yoqlab ovoz berishi lozim. Oxirgi ikki bosqich senatda o‘tkazilishi kerak. Qaror Senat tomonidan ma’qullansa, ikkala palata qo‘shma majlisga yig‘iladi va matnni ikkala palataning 925 nafar parlament a’zosidan 617 nafari qo‘llab-quvvatlashi zarur.

2024-yilda “Bo‘ysunmagan Fransiya” allaqachon impichment jarayonini boshlagan, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchragan edi. O‘shanda Milliy Assambleyaning qonunchilik komissiyasi qarorni rad etgandi.
​

Fransiyada 10-sentyabrdan buyon “Hamma narsani to‘xtatamiz!” shiori ostida ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. Mamlakat bo‘ylab 700 dan ortiq turli aksiyalar o‘tkazilishi kutilmoqda. Namoyishchilar orasida “sariq nimchalilar” harakatining sobiq ishtirokchilari ham ko‘zga tashlangan. Tartibni saqlash uchun 80 ming nafar huquq-tartibot xodimi safarbar etilgan.

Iyul oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va bosh vazir Fransua Bayruning ommabopligi reytingi mamlakat tarixidagi eng past ko‘rsatkichga yetgani xabar qilingandi. 

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar