Aholini roʻyxatdan oʻtkazish tadbirlari 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralga qadar oʻtkaziladi. 11-sentyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur masaladagi taqdimot bilan tanishtirildi.
Prezident matbuot xizmati xabariga koʻra, roʻyxatga olish tadbirining dastlabki 17 kuni internet orqali, keyingi bir oy mobaynida esa “mahalla yettiligi” ishtirokida uyma-uy yurib amalga oshiriladi.
“Mazkur usul orqali xarajatlar sezilarli qisqarib, 1,3 trillion soʻm mablagʻ tejaladi. Shuningdek, roʻyxatga olish jarayonlari oddiy va shaffof tarzda tashkil etiladi. Savollarning soni avval rejalashtirilgan 328 tadan 71 taga qisqartirildi”, deyiladi manbada.
Roʻyxatga olish natijasida Yevropa statistiklar konferensiyasining 2020-yildagi tavsiyalari asosida 38 million aholining tarkibi va migratsiyasi, oilaviy holati, faoliyat turi, daromad manbalari toʻgʻrisida yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.
Oʻz navbatida Oʻzbekistondagi qishloq xoʻjaligi yerlaridan foydalanish holati, chorva mollari va parrandalar soni aniqlanadi. Bu orqali qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilayotgan yillik 25,6 trillion soʻm, jumladan, 2,2 trillion soʻm byudjet mablagʻlari samaradorligi, sohadagi xizmatlar hajmi va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun zarur maʼlumotlar toʻplami yaratiladi.
“Roʻyxatga olish jarayonlarini samarali amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” maxsus oʻquv dasturi asosida tayyorlanadi va ragʻbatlantiriladi. Buning uchun Jahon banki koʻmagida amalga oshirilayotgan statistika tizimini mustahkamlash loyihasining mablagʻlari yoʻnaltiriladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targʻibot ishlari yoʻlga qoʻyiladi. Maxsus koʻrsatuv va videoroliklar namoyish etilib, fuqarolarning xabardorligi oshiriladi”, deya qayd etgan manba.
Mazkur tadbirlar aholi va qishloq xoʻjaligining real koʻrsatkichlarini aniq belgilash, davlat dasturlarini maqsadli hamda samarali amalga oshirish uchun muhim ahamiyatga egaligi taʼkidlangan. Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirlarini tizimli va sifatli amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar bergan.
Manbaga koʻra, mamlakatda aholini umummilliy roʻyxatga olish oxirgi marta 1989-yilda oʻtkazilgan. 2021-yilda aholini, 2022-yilda esa qishloq xoʻjaligini sinov tariqasida roʻyxatga olish tadbirlari oʻtkazilgan. Lekin toʻlaqonli roʻyxatga olishni oʻtkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni oʻrganish hamda tegishli tizim ishlab chiqish maʼlum vaqtni taqozo etgan. Shu sabab mazkur tadbir keyinga qoldirilgan.








