Isitish mavsumida 1 million soʻmdan bir martalik yordam pullarini kimlar olishi mumkinligi maʼlum qilindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar qildi.
Qayd etilishicha, prezidentning 134-qaroriga asosan 2025/26-yilgi isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamini qoʻshimcha moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun joriy yilning noyabr oyida ayrim ehtiyojmand oilalarga 1 million soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam ajratiladi.
Bunda yordam pullari “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi, “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan hamda “mahalla yettiligi” tomonidan shakllantirilgan qoʻshimcha roʻyxatdagi oilalarga beriladi.
“Mahalla yettiligi” tomonidan qoʻshimcha roʻyxatga esa birinchi navbatda boquvchisini yoʻqotgan, oila aʼzolarida I yoki II guruh nogironi boʻlgan shaxslardan iborat boʻlganlar kiritiladi. Jumladan, nogironligi boʻlgan bolani parvarishlayotgan va gaz taʼminoti mavjud boʻlmagan hamda markazlashtirilgan isitish tizimi yoʻq boʻlgan koʻp qavatli uylarda yashovchi oilalar ham kiritiladi.
Shuningdek, bir xonadonda 3 va undan ortiq oila birgalikda yashovchi, uzoq muddatli davolanishni talab etuvchi ogʻir kasallikka chalingan shaxslari boʻlgan oilalar, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz yashovchi shaxslar hamda yolgʻiz yashovchi keksalar va nogironligi boʻlgan fuqarolar ham yettilik roʻyxatiga kirishda inobatga olinadi.
Yordam pulini olish uchun yuqorida keltirilgan toifalarga kiruvchi fuqarolar joriy yilning 25-sentyabrga qadar “Mahalla yettiligi”ga murojaat qilishlari zarur.








