Daryo

Isroilning Dohaga hujumi — Qatar qanday javob qaytaradi?

Ushbu hujum nafaqat Qatar rahbariyati tomonidan, balki mintaqadagi boshqa arab davlatlarining jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, Isroil hujumining diplomatik oqibatlari qanday bo‘ladi? Arab davlatlarining Isroilga bo‘lgan qarashlari o‘zgaradimi? Quyida shu haqida so‘z yuritiladi.

5 daqiqa o‘qish1 862 ko‘rishlar0 izoh1
Isroilning navbatdagi nishoni — Qatar bo‘ldi. 9-sentyabr kuni Isroil havo kuchlari Qatar poytaxti Dohadagi HAMAS harakatining qarorgohiga zarba berdi. Hujum vaqtida binoda harakat rahbariyatining yig‘ilishi o‘tkazilayotgan edi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu operatsiya oldindan reja qilinganini bildirib, hujum uchun javobgar ekanini tasdiqladi.

Ushbu hujum nafaqat Qatar rahbariyati tomonidan, balki mintaqadagi boshqa arab davlatlarining jiddiy noroziligiga sabab bo‘ldi. Vaholanki, Qatar HAMAS va Tel-Aviv o‘rtasida borayotgan muzokarada vositachi rolida edi. Xo‘sh, Isroil hujumining diplomatik oqibatlari qanday bo‘ladi? Arab davlatlarining yahudiy davlatiga bo‘lgan qarashlari o‘zgaradimi? Quyida shu haqida so‘z yuritiladi.

Hujum tafsilotlari


Seshanba kuni, mahalliy vaqt bilan 15:00 atrofida Qatar poytaxti Dohada bir nechta portlashlar eshitildi va osmonga qorong‘i tutun ko‘tarildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil harbiylari Dohaga raketa bilan zarba berganini tasdiqladi va u HAMASning siyosiy yetakchilariga qaratilganini  bildirdi.


Hujum arafasida HAMAS rahbarlari AQSH prezidenti Donald Trampning taklifini muhokama qilgani harakatning Dohadagi qarorgohiga yig‘ilgan edi. Isroil HAMAS rahbarlarini qayerda bo‘lishidan qat’i nazar nishonga olishini uzoq yillardan beri aytib keladi. Isroil Qatarni vositachi sifatida ko‘pincha ma’qullagan bo‘lsa-da, uni guruhga yetarli bosim o‘tkazmaganlikda ayblagan.


Isroil quyidagi shaxslarni nishonga olgan edi.


  • · Halil al-Hayya — G‘azodagi HAMAS rahbari va asosiy muzokarachi, HAMASning besh kishilik vaqtinchalik boshqaruv kengashining muhim a’zosi.
  • · Zaher Jabarin — HAMAS moliya byurosining rahbari va G‘arbiy Sohil bo‘yicha yetakchi, shu jumladan HAMASning moliyaviy tarmog‘ini boshqaradi.
  • · Haled Mashaal — HAMASning sobiq siyosiy byuro raisi va tashqi aloqalar bo‘yicha sobiq rahbari. U besh kishilik vaqtincha kengash a’zosi sifatida ham qayd etilgan.
  • · Muhammad Ismail Darvish (Abu Omar Hassan) — HAMAS Shura Kengashi raisi va siyosiy byuroning vaqtincha kengash a’zolaridan biridir.


Hujum oqibatida Halil al-Hayyaning o‘g‘li — Himam al-Hayya, ofis direkori — Jihad Labad, uch nafar soqchi, shuningdek, bir nafar Qatar ichki xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan.


Mintaqaviy oqibatlar qanday?


Isroilning Dohadagi HAMAS rahbariyatiga qarshi hujumi mintaqadagi arab davlatlari orasida keskin norozilik uyg‘otdi. Qatar hujumni “barcha xalqaro qonun va normalarning ochiq buzilishi” va “jinoyat” sifatida qoraladi. Uning qo‘shnisi Saudiya Arabistoni Qatarga to‘liq birdamlik bildirib, Isroilni mintaqani beqaror qilayotganlikda aybladi.


Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Ummon, Misr, Suriya, Livan va Turkiya Qatar atrofida birdamlik ko‘rsatib, hujumni xalqaro huquqning buzilishi sifatida baholadi.


AQSHning eng nufuzli va ta’sirli tashqi siyosat hamda xalqaro munosabatlar bo‘yicha tadqiqot va tahlil markazi mutaxassisi — Elliott Abrams, o‘z maqolasida Isroil Dohani HAMASga siyosiy va moliyaviy yordam berishda ayblab kelgani va so‘ngi vaqtlarda arab davlatlari hamda Isroil o‘rtasidagi munosabatlar murakkab holatga kelib qolganini tilga olib  o‘tgan.


“Qatarlik va boshqa arab rasmiylari norozilik bildirgani ajablanarli emas. Isroil 2024-yil iyul oyida HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyani Tehronda o‘ldirgan edi. Biroq bu safar ular arab poytaxtini nishonga olishdi. Yana ham og‘irrog‘i – Qatar Isroil garovdagilarini ozod qilish va sulh tuzishga vositachilik qilayotgan asosiy davlat edi.


Rasmiy munosabatlar yaxshi bo‘lishiga qaramay, Isroil rasmiylari Dohani HAMASga siyosiy va moliyaviy yordam berishda, shuningdek, Al Jazeera orqali Isroilni xalqaro jamoatchilik ko‘z o‘ngida obro‘sizlantirishda ayblab kelayotgan edi.

Arab davlatlari Qatarni qo‘llab-quvvatlab chiqishdi. Ular buni HAMASni yoqtirishgani uchun emas, balki Isroilning arab suverenitetiga qilgan hujumi uchun amalga oshirishdi.


Isroilning Misr va Iordaniya bilan aloqalari allaqachon tarang edi. BAA rasmiylari esa Isroilni G‘arbiy Sohilni anneksiya qilish oqibatlaridan ogohlantirib kelmoqda. Bu suiqasd urinishlari juda nozik bir davrda sodir bo‘ldi. Arab dunyosida ko‘plab rasmiylar HAMASni beqarorlik manbai deb bilishadi. Ammo Isroilning so‘nggi ikki yildagi G‘azodagi harbiy amaliyotlari fonida HAMAS katta obro‘ qozondi. Dohada rahbariyatni nishonga olish – arab jamoatchiligida yangi taranglik tug‘diradi
”, deya yozgan tahlilchi.


Hujumning HAMAS kelajagi uchun ahamiyati

Hujum amalga oshirilganidan so‘ng Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu chiqish qilib, hujum qilish to‘g‘risidagi qaror dushanba kuni qabul qilingani, bunga 8-sentyabr kuni Quddusda ro‘y bergan terakt sabab ekanini ta’kidlagan.


“Isroil Quddusdagi kechagi teraktdan so‘ng HAMAS rahbariyatini yo‘q qilishga qaror qildi. Terrorchilarning rahbarlari daxlsizlikdan foydalangan davrlar tugadi”, degan Isroil bosh vaziri.


Reuters xabariga ko‘ra, terakt oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan. HAMAS ushbu suiqasd uchun javobgarlikni o‘ziga olgan.


“Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va uning maslahatchilari muzokaralardan foyda chiqmasligini anglab yetdi va HAMAS rahbariyatini yo‘q qilish ularning urushdagi maqsadlariga xizmat qiladi, deb hisoblashdi: guruhni butunlay yo‘q qilish, G‘azodan Isroil garovdagilarini qaytarib olish va HAMASning qayta hokimiyatga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Aniq qancha rahbar o‘ldirilgani noma’lum. HAMASning ta’kidlashicha, besh nafar a’zosi va bir nechta politsiya xodimi halok bo‘lgan, biroq yuqori rahbarlar tirik qolgan. Bu da’volar hozircha tekshirilmagan. Har holda, Isroil HAMASni yo‘q qilish uchun dunyoning istalgan nuqtasiga borishga tayyorligini ko‘rsatdi. Ehtimol, tirik qolgan rahbarlar keyinchalik yana nishonga olinishi mumkin”, deya ta’kidlagan Elliott Abrams o‘z tahlilida.


Sulh muzokaralari nima bo‘ladi?


Isroil bosh vaziri o‘z chiqishida hujum AQSH prezidenti bilan maslahatlashilgan holda amalga oshirilganini qo‘shimcha qilgan. Oq uy matbuot kotibining bayonoti qisman buni tasdiqladi.


Ma’lum bo‘lishicha, Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoffga Qatarni Isroilning yaqinlashayotgan hujum haqida xabardor qilishga topshiriq bergan. Biroq Qatar tashqi ishlar vazirligi “Doha Isroilning zarbalari haqida oldindan xabardor qilingan” degan da’volarni “mutlaqo yolg‘on” deb atadi.


Shu bilan birga, Qatar tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurahmon Os-Soniy Qo‘shma Shtatlardan qo‘ng‘iroq Dohaga hujum boshlangandan 10 daqiqa o‘tib amalga oshirilganini aytgan.


“Oq uy esa Isroil operatsiyalaridan o‘zini uzoqlashtirgandek ko‘rinmoqda, ayniqsa hujumda HAMASning eng yuqori rahbarlari yo‘q qilinmaganidan keyin. Shunday bo‘lsa-da, Vashington va Isroil o‘rtasida ma’lum darajada hamkorlik bo‘lgani ehtimoldan xoli emas. Chunki Qatar AQSHning muhim ittifoqchisi va Dohadagi Al-Udeyd aviabazasida minglab amerikalik harbiylar joylashgan. Prezident Tramp ham HAMASni ogohlantirib, sulh rejasiga rozi bo‘lmasa, oqibatlarga duch kelishini aytgan edi. Ehtimol, Dohadagi hujum Tramp aytgan o‘sha “oqibat” bo‘lishi mumkin.

Qatar endi muzokaralarni davom ettirishi qiyin. Dohaga ko‘ra, ular Isroil garovdagilarini ozod qilish uchun katta harakat qilgan, lekin bunga javoban Isroil ularning mamlakatini bombardimon qildi. Shundan keyin ehtimol muzokaralarda Misr asosiy vositachi sifatida chiqadi. Biroq bu oson vazifa emas — na Isroil hukumati, na HAMAS rahbariyati kelishuvdan manfaatdor ko‘rinadi”, deya xulosa qilgan Elliott Abrams.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar