AQSHning Los-Anjeles shahrida uy-joy narxlarining balandligi tufayli, mahalliy hokimiyat yillik daromadi 84,9 ming dollardan kam bo‘lgan yolg‘iz kishilarni va 109 ming dollardan kam daromadli oilalarni kam ta’minlangan deb hisoblamoqda. Bu haqda Bild gazetasi Kaliforniya uy-joy boshqarmasi hujjatlariga tayanib xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, shahardagi o‘rtacha yillik daromad atigi 74,6 ming dollarni tashkil etadi.
Bu kabi holat ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. Kaliforniya hukumati ilgari ham uy-joy narxlarining yuqoriligi sababli boshqa mahalliy shaharlar aholisini kam ta’minlangan deb e’tirof etgan. Jumladan, Santa-Barbarada yillik daromadi 98,9 ming dollardan kam bo‘lganlar, San-Diegoda esa 92,7 ming dollardan kam daromadga ega bo‘lganlar kam ta’minlangan hisoblanadi.
“Amerikaliklarning bir necha avlodi uchun 100 ming dollar sehrli raqam edi. Bunday yillik daromad muvaffaqiyatga erishganlikni anglatardi”, deyiladi onlayn-kreditlash sohasida faoliyat yurituvchi LendingTree kompaniyasi hisobotida.
Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu davrlar o‘tmishda qolgan.
“Mamlakatning 100 ta eng yirik shahridan 25 tasida olti xonali yillik daromad endi asosiy ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli emas”, deyiladi hisobotda.








