AQSH va Tayvan mudofaa vazirligi vakillari Alyaskada maxfiy muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Financial Times xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuv o‘tgan hafta Ankorij shahrida bo‘lib o‘tgan. Unda AQSH tomonidan Pentagonning Hind—Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha yuqori martabali vakili Jed Royal ishtirok etgan. Tayvan tomonidan esa milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari Syuy Si Szen qatnashgan.
“Muzokaralar AQSH va Tayvanning yuqori martabali amaldorlarining iyun oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvi bekor qilinganidan keyin tashkillashtirilgan”, deyiladi xabarda.
O‘shanda Tayvan delegatsiyasiga mudofaa vaziri Vellington Ku, Amerika delegatsiyasiga esa Pentagon yordamchisining sobiq o‘rinbosari Elbrij Kolbi boshchilik qilishi kutilgandi. AQSH o‘sha uchrashuvni “so‘nggi daqiqada” bekor qilib, bunga Eron hududiga uyushtirilgan harbiy zarbalarni sabab qilib ko‘rsatgandi. Ammo Financial Times manbalari ta’kidlashicha, Tayvan mudofaa vaziriga Vashingtonga birinchi bor tashrif buyurishga ruxsat berish Tramp va Si Szinpin sammitini xavf ostiga qo‘yardi.
AQSH prezidenti uzoq vaqtdan beri Si Szinpin bilan sammit tashkil etishni rejalashtirmoqda. Avgust oyi boshida Tramp agar AQSH va Xitoy savdo bitimi tuzsa, 2025-yil oxirigacha Xitoy raisi bilan uchrashishini istisno qilmasligini aytgan. Aks holda sammit o‘tkazilmaydi, deya ta’kidlagan u.
2025-yilda AQSH va Xitoy munosabatlari keskinlashdi:
Tramp ma’muriyati Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga boj stavkalarini oshirish qarorini qabul qilgach, savdo urushining navbatdagi bosqichi boshlandi. AQSH fevral oyida 10 foizlik (asosiy stavka) tarifdan boshlab, aprelga kelib uni 104 foizgacha ko‘tardi. Mart–aprel oylarida qo‘shimcha choralar joriy etilgach, stavkalar 145 foizgacha oshirildi. Xitoy bunga javoban o‘zining “ko‘zgu choralarini” qo‘llab, Amerika mahsulotlariga tariflarni 125 foizgacha oshirdi. Hozirda tomonlar o‘rtasida 90 kunlik tarif pauzasi mavjud.








