Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 35 ta davlat Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, 26 ta mamlakat Ukraina tomon tinchlikparvar kuchlarini yuborish yoki moliyalashtirishga tayyorligi bildirildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Makronning ta’kidlashicha, Ukraina armiyasining shakli, kuchi yoki imkoniyatlariga hech qanday cheklov qo‘yilmaydi. Maqsad armiyani tiklashga yordam berish va uni strategik jihatdan har qanday agressiyani to‘xtatadigan kuchga aylantirishdir.
“Bugun 26 davlat rasman Ukrainaga kuchlarini yuborish, mamlakatning dengizda yoki osmonda xavfsizligini ta’minlash uchun ma’lum resurslarni ajratish majburiyatini oldi. Bu kuchlar Rossiyaga qarshi urush olib borish uchun emas, balki tinchlikni kafolatlash uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, bundan maqsad janglarning qayta boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun strategik signal yuborishdir” dedi Makron jurnalistlarga.
Bundan tashqari, xavfsizlikni kafolatlash uchun, ayni paytda, Ukrainada tinchlikni ta’minlashga qaratilgan mudofaa kuchlari tashkil etilmoqda. Ushbu kuchlar Rossiyaga qarshi urush olib borish uchun emas, balki tinchlikni kafolatlash va janglar qayta boshlanishining oldini olishga xizmat qiladi.
Makron AQSH va Rossiya o‘rtasidagi kelgusidagi muloqotlar ham samarali bo‘lishi kerak, deb hisoblamoqda. Unga ko‘ra, ikki mamlakat rahbarlari uchrashuvi, shuningdek, 3 va 4 tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi lozim. Agar Rossiya aniq va konstruktiv tinchlik muzokaralaridan bosh tortsa, bunga tegishlicha javob qaytariladi.








