AQSH terma jamoasining sobiq futbolchisi Alan Gordon “Major League Journeyman” podkastida Ligalar kubogi finalidan keyin yuz bergan qiziqarli voqeani so‘zlab berdi.
Unga ko‘ra, bellashuv yakunlangach, “Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi va uning vatandoshi, “Sietl Saunders” yarim himoyachisi Pedro De La Vega o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. Gordonning ta’kidlashicha, Messi unga qarata quyidagi so‘zlarni aytgan:
“Men terma jamoada o‘ynab turgan paytda, sen u yerda o‘ynamaysan!”Eslatib o‘tamiz, Ligalar kubogi finalida “Inter Mayami” “Sietl”ga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. O‘yindan keyin katta janjal yuz berdi: Serxio Buskets raqib futbolchilaridan birini urdi, Luis Suares esa “Sietl” xodimiga nisbatan noo‘rin harakat qilgan. Bu vaziyatlar jonli efirda translyatsiya qilinib, futbol olamida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Pedro De La Vega Argentina terma jamoasi futbolchisi hisoblanadi. U 2021-yil ilk marta chaqiruv olgan va hozirga qadar 3 ta bahsda maydonga tushgan.
Ma’lumot uchun, Argentina terma jamoasi 5-avgust, juma tongida Jahon chempionati saralashi doirasida Veneseulaga qarshi maydonga tushadi. Lionel Skolani boshchiligidagi jamoa ayni paytda guruhda 35 ochko bilan yakka peshqadamlik qilmoqda.








