Daryo

“Endi u mudroq ajdar emas”. Xitoy dunyoga qanday qurollarini koʻrsatdi?

Xitoy Ikkinchi Jahon urushida Yaponiya ustidan qozonilgan gʻalabaning 80 yillik yubileyini nishonladi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan super masshtabdagi paradda 45 ming askar, 600 harbiy texnika va 100 ta samolyot qatnashdi. Ularning orasida yengil mashinadan tortib, qitʼalararo ballistik raketaga qadar bor.

4 daqiqa o‘qish1 174 ko‘rishlar0 izoh10

2019-yildan buyon ilk bor Xitoy markazida qurolli kuchlarning yirik kontingenti paydo boʻldi. Oʻshanda mamlakat tashkil etilganining 70 yilligi nishonlangan edi. Bu safargi paradga Ikkinchi Jahon urushida Yaponiya imperiyasi ustidan qozonilgan gʻalabaning 80 yilligi sabab boʻldi. Unga qurolli kuchlarning turli boʻgʻinlarida xizmat qiluvchi taxminan 45 ming askar, 600 ga yaqin texnikalar hamda samolyotlar jalb etildi.

Mamlakat bir kun oldin mamlakat SHHT sammitiga mezbonlik qilgani bois paradda xorijlik mehmonlar koʻp boʻldi. Xitoy rasmiylarining maʼlum qilishicha, jarayonni 26 ta davlat yetakchilari kuzatgan. Bu esa Pekinga oʻzining tobora kuch yigʻayotgan mushaklari bilan maqtanish, harbiy sanoatning eng soʻnggi yutuqlarini koʻrsatish va potensial xaridorlar topish imkonini berdi.

Xitoydagi paradni kuzatish uchun Pekinda qolgan dunyo yetakchilari
Foto: Sinxua
Paradni anʼanaga muvofiq qurolli kuchlarning turli boʻgʻinlariga mansub xizmatchilar tantanavor marsh bilan boshlab berdi. Shundan soʻng Tyananmen maydoni boʻylab armiyaning asosiy mobil platformasi hisoblangan Dongfeng Menshi zirhli transport vositalari harakatlandi. Ularning ortidan esa Type 99 tanklari ergashdi.

Xitoyning Dongfeng Mengshi avtomobillari hamda Type 99 tanklari
Foto: Videodan kadr

Yangi harbiy texnikalarni namoyish etish uchun paraddan koʻra qulayroq joy yoʻq. Bunga amal qilgan xitoyliklar Type 100 tanki hamda xuddi shu nomdagi oʻt ochishni qoʻllab-quvvatlash mashinasini ham Pekin markazidan olib oʻtdi. Type 100 nafaqat Xitoy, balki dunyoda mavjud barcha tank namunalaridan farq qiladi.

Boisi u yangi avlodga mansub boʻlib, ekipaj minora ostida oʻtirmaydi. Askarlar xavfsizligini taʼminlash uchun ular alohida kapsulaga tushirilgan. Qolaversa, jangovar mashina raketa zarbalarini qaytarish uchun faol himoya tizimi, ekipajga jang maydonini 360 darajada kuzatish imkonini beruvchi sensorlar bilan taʼminlangan.

 

Type 100 tanki hamda uning oʻt ochishni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan modeli
Foto: CGTN

Type 100 ning oʻt ochishni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan modeli esa kichikroq kalibrdagi qurol hamda yoʻldosh dronga ega. Biroq u haqda boshqa maʼlumot yoʻq.

Dronlar va unga qarshi tizimlar

Xitoy uchuvchisiz uchish qurilmalari ishlab chiqarish va yangi loyihalar joriy qilish boʻyicha jahon yetakchisi hisoblanadi. Paradda u oʻzining samolyot-dron gibrid uchoqlari, boshqacha aytganda, masofadan boshqariladigan qiruvchilarini namoyish etdi.

Aviatsiya tilida ularni “Loyal wingman” (sodiq hamroh) deb atashadi. Ular qiruvchi samolyotlar bilan uygʻunlikda uchib, xavfli missiyalarni bajarishi mumkin. Qolaversa, qurol-yarogʻlarning bir qismini oʻzi bilan olib uchib, uchuvchining samolyotiga bosimni kamaytiradi.

Xitoyning “Loyal Wingman” dronlari

Mazkur konsepsiya yangi boʻlib, qimmatli kadr hisoblangan uchuvchilarni asrash, jangovar imkoniyatlarni oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. GJ-11, FH-97 kabi modellar shular jumlasidan. Ammo paradda namoyish etilgan gibrid dronlarning qolgan uchtasi yangi boʻlib, ular haqida maʼlumot yoʻq.

Mamlakat dronlar ishlab chiqarish bilan cheklanib qolgani yoʻq. Xitoylik muhandislar ularga qarshi kurash tizimlari ustida ham faol mehnat qilib keladi. Roʻyxatdan past balandlikda, past tezlikda uchadigan tahdidlar uchun eng kamxarj yechim hisoblangan lazer qurollarini ham topish mumkin. “OW5-A10” Laser Mengshi shular jumlasidan. U Dongfeng Mengshi bazasiga oʻrnatilgan boʻlib, nishonga 10 kilovatt quvvatni yoʻnaltira oladi.

“OW5-A10” Laser Mengshi

 Foto: Videodan kadr

“OW5-A50” Laser HMV3 tizimi esa dastlabki modeldan kuchliroq boʻlib, 50 kilovattlik lazer quroliga ega. Bu unga nafaqat kichik dronlarni, balki kattaroq uchuvchisiz apparatlarni ham urib tushirish imkonini beradi. Ammo bu ikkisining jangovar imkoniyatlarini LY-1 tizimi bilan taqqoslab boʻlmaydi.

Mazkur tizim 8x8 platformasiga asoslangan boʻlib, yuqori quvvatli lazer quroldan foydalanadi. Biroq Xitoy matbuotining yozishicha, u aslida kemalar, jumladan aviatashuvchilarda qoʻllashga moʻljallangan. Baʼzi doiralarda tizimni “dunyoning eng qudratli lazer quroli” deb atashadi.

LY-1 lazer tizimi 
Foto: Videodan kadr


Tiyib turuvchi kuch

 

Xitoy parad davomida oʻzining DF-17 hamda YJ-21 ballistik raketalarini namoyish etdi. Ammo ular konvensional qurollar boʻlgani sabab asosiy eʼtibor yadroviy raketalarga qaratildi. Mamlakat ommaviy qirgʻin qurollarining mazkur turi boʻyicha faqat AQSH va Rossiyadan ortda qoladi. Biroq oʻrtadagi farq shiddat bilan qisqarmoqda. DF-61 va DF-5C mana shu siyosat natijasidir.

Ulardan birinchisi jamoatchilik eʼtiboriga ilk bor havola qilinmoqda. DF-61 qitʼalararo ballistik raketa tizimi boʻlib, 16 gʻildirakli platformada harakatlanadi. Shaxtalardan ishga tushiriluvchi raketalardan farqli, bu uni istalgan nuqtaga yashirish imkonini beradi.

DF-61 qit’alararo ballistik raketasi
Foto: Australian

DF-61 ning texnik xususiyatlari haqida maʼlumot yoʻq. Biroq baʼzi ekspertlar fikricha, u DF-41 raketasining vorisi boʻlib, 12-15 ming km masofaga uchib bora oladi. Bu Qoʻshma Shtatlarning qirgʻoqboʻyi shaharlariga xavf tugʻdiradi.

DF-5C “Dunfen” oilasiga mansub raketalarni ishlab chiqishga orttirilgan qimmatbaho tajriba natijasidir. U 18-20 ming km jangovar radiusiga ega. Bu dunyoning istalgan nuqtasiga zarba berish mumkin degani. Raketa qattiq yoqilgʻida ishlovchi dvigatel yordamida parvoz qiladi.

Biroq qitʼalararo ballistik raketalar yadroviy raketalarni tashishning yagona varianti emas. Xitoyliklar AJX-002 suvosti platformasiga ham xuddi shu vazifani yuklamoqchi. Boshqacha aytganda, 20 metr uzunlikdagi yadroviy torpeda portlasa, taxminan 100 megatonna quvvatdagi portlash hosil qiladi. Solishtirish uchun, Hirosimaga tashlangan atom bomba quvvati 20 kilotonna edi.

 

xAJX-002 suvosti platformasi 
Paradni Xitoy yakunlab berdi. Xian H-6 strategik bombardimonchisi, KJ-600 erta ogohlantirish va havo nazorati samolyoti, J-20 hamda J-35 “ beshinchi avlod” qiruvchilari Pekin ustidan uchib oʻtdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan vertolyotlar esa osmonda 80 belgisini hosil qildi.

Xitoy Yaponiya ustidan jahon urushida qozonilgan gʻalabani nishonlab, butun dunyoga, ayniqsa Gʻarbga signal yubordi. Mamlakat uchun “xorlik asri” tugagani, endi Pekin raqobatchilarini oʻzi bilan hisoblashishga majbur qilishi haqida mujda berildi. Bu Qoʻshma Shtatlar bilan raqobat hali-beri tugamasligiga, balki kurash endi boshlanganidan dalolat qiladi.

Andijonlikman, Toshkentda yashayman. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tamomlaganman. “Daryo” tahririyatida 2024-yil noyabr oyidan buyon muxbir sifatida ishlayman va siyosiy, ijtimoiy hamda harbiy yoʻnalishlarga ixtisoslashgan materiallar tayyorlayman. “If qaʼlasining mahbusi” filmini miriqib tomosha qilaman. Lev Tolstoyning asarlarini, ayniqsa, “Urush va tinchlik”ni yoqtiraman.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar