Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin raisligida o‘tgan tadbirda Belarus Respublikasi prezidenti Aleksandr Lukashenko, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi, Eron Islom Respublikasi prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston Respublikasi prezidenti Emomali Rahmon, shuningdek, SHHT bosh kotibi Nurlan Yermekbayev va Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, SHHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va tashkilot faoliyatini takomillashtirish istiqbollari muhokama qilindi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ochiq fikr almashildi.
Xitoy Raisi Si Szinpin O‘zbekiston rahbariga so‘z berar ekan, mamlakatimiz yetakchisi va xalqini Mustaqillik kuni bilan qutladi hamda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston yuksak sur’atda rivojlanib, mamlakatda hayot yaxshilangani va Xitoy tomoni bundan juda mamnunligini alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston yetakchisi ushbu sammit global noaniqlik sharoitida o‘tayotganini qayd etgan.
Ishonchning tizimli inqirozi, mojarolarning kengayib borayotgani, ko‘p tomonlama institutlarning zaiflashishi va jahon savdo tizimining parchalanishi xalqaro xavfsizlik va barqarorlik arxitekturasi asoslariga putur yetkazmoqda.
“Bunday sharoitda SHHT davlatlarining bir-birini o‘zaro tushunishi va birdamligi – bu faqat qimmatli boylik emas, balki bizning bepoyon mintaqamizda tinchlikni saqlashning kalitidir”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majlis yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi. Xususan, Tyanszin deklaratsiyasi, SHHTni 2035-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi hamda hamkorlikning turli sohalarida sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim ko‘p tomonlama hujjatlar to‘plami qabul qilindi.








