AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropadagi ittifoqchilari bilan Ukrainaga xususiy harbiy kompaniyalar vakillarini yuborish masalasida muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
Tramp ilgari AQSH harbiylarini Ukrainaga yubormasligini ta’kidlagan edi. Shu sabab, xususiy harbiy kuchlardan foydalanish bu va’daga zid bo‘lmasligi aytilmoqda. Reja doirasida pudratchilar Ukraina frontidagi istehkomlarni qayta quradi, yangi bazalar barpo etadi va AQSHning iqtisodiy manfaatlarini himoya qiladi. Ularning mavjudligi Rossiyani sulhni buzishdan tiyilishga undovchi omil bo‘lishi mumkin.
Yevropa davlatlari, ayniqsa Buyuk Britaniya va Fransiya, bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular Ukraina armiyasini qurollantirish va tayyorlashda davom etib, NATO orqali xavfsizlik kafolatlarini kuchaytirishga intilmoqda.
Rejada AQSH harbiylarining bevosita ishtiroki rejalashtirilmagan, ammo xususiy pudratchilar orqali Tramp ma’muriyati Ukraina bo‘yicha o‘z pozitsiyasini kuchaytirmoqda. Rasmiylar fikricha, bu nafaqat Rossiyani to‘xtatish, balki AQSHning xalqaro ta’sirini saqlab qolish vositasi hamdir. Tinchlik bo‘yicha yakuniy reja, jumladan havo patrullari, Qora dengizdagi missiyalar va xavfsizlik kafolatlari yaqin kunlarda e’lon qilinishi kutilmoqda.








