Daryo

Ko‘kdaladagi portlash qurbonlari 6 kishiga yetdi

“Daryo” surishtiruviga ko‘ra, fojia oqibatida vafot etgan Dilnoza ismli qiz voqeaning oltinchi qurboni hisoblanadi

1 daqiqa o‘qish26 829 ko‘rishlar0 izoh0

2025-yilning 16-iyul kuni Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida aholiga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatish shoxobchasida portlash sodir bo‘lgandi. Masʼullar voqeadan so‘ng, portlash va undan kelib chiqqan yong‘in 4 kishining umriga zomin bo‘lganini ochiqlagandi. Voqeadan xabardor manbaning “Daryo”ga bildirishicha, shifoxonaga yotqizilib, komada qolayotgan 10-sinf qiz ham vafot etib, o‘limlar soni ortgan.

Portlash hududida bo‘lib, tafsilotlarni o‘rgangan “Daryo” jurnalisti rasmiylar o‘limlar sonini ochiqlashda jamoatchilikni chalg‘itayotganini hikoya qilgandi. OAV vakili bilan suhbatlashgan aholi vakillari o‘sha kunning o‘zida o‘limlar beshtaga yetganini, masʼullar 4 kishi vafot etgan deb yolg‘on maʼlumot berayotganini aytgandi.

Foto: “Daryo”

Aniqlanishicha, 16-iyul kuni gaz shoxobchasining yonidagi oilaviy restoranda chiqqan yong‘indan jabrlanib, shifoxonaga yotqizilgan va 20-iyul holatiga ko‘ra komada qolayotgan qiz ko‘p o‘tmay vafot etgan.

Qiz komadan chiqmadi, vafot etdi, deydi tahririyatga bu haqda bildirgan manba.

“Daryo” surishtiruviga ko‘ra, fojia oqibatida vafot etgan Dilnoza ismli qiz voqeaning oltinchi qurboni. Ammo rasmiylarga ko‘ra, bu o‘lim beshinchi o‘lim.

Eslatib o‘tamiz, Ko‘kdaladagi gaz zapravkadagi portlash yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida sud-tibbiy, yong‘in kelib chiqishini aniqlash bo‘yicha sud-kimyoviy, biologiya, kriminalistika va yong‘in texnikaviy ekspertizalari tayinlangan. Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra hodisa oqibatida 4 kishi vafot etgandi. Shu bilan birga, 15 kishi jarohatlangani aytilmoqda. Vafot etganlar oila aʼzolariga 100 mln so‘mdan, jarohat olganlarga 50 mln so‘mdan moddiy yordam berilgan.

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar