Daryo

AQSHda kit qayiq bilan to‘qnashib, nobud bo‘ldi (video)

Mutaxassislar kitning o‘limi sababini aniq ayta olmadi

1 daqiqa o‘qish7 544 ko‘rishlar0 izoh1

AQSHning Nyu Jersi shtati qirg‘oqlarida kichik motorli qayiq bilan to‘qnashgan minke turiga mansub kit halok bo‘ldi. To‘qnashuv oqibatida qayiq deyarli ag‘darilib, bir kishi suvga tushib ketgan. Bu haqda AP News xabar berdi.

Foto: X

Voqea 2-avgust kuni Barnegat ko‘rfazi yaqinida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda 6 metr uzunlikdagi kit motorli qayiqqa borib urilgani va keyinroq suzib ketgani aks etgan. Zarba kuchidan qayiqdagi bir odam suvga tushib ketgan.  

Oradan ko‘p o‘tmay kit yaqin atrofdagi qumli orolda o‘lik holda topilgan. Dengiz hayvonlarini qutqarish, davolash va tabiatga qaytarish bilan shug‘ullanuvchi Marine Mammal Stranding Center tashkiloti hodisaga munosabat bildirib, to‘lqin va suv sathi sababli kitga yaqinlasha olmaganini aytgan.

“Hozircha ko‘p narsa deya olmaymiz. Kitda yaqqol jarohat izlari yo‘q. Ammo sinchiklab tekshirish imkonimiz yo‘q”, dedi tashkilot koordinatori Jey Pagel.

Pagelning aytishicha, videodagi to‘qnashuvdan avval kitda boshqa jarohatlar bo‘lgani ham taxmin qilinmoqda. Internetda tarqalgan boshqa bir videoda baliqning boshqa qayiq bilan ham to‘qnashgani tasvirlangan. Kit jasadi 4-avgust kuni sohildan olib ketilib, o‘lim sababini aniqlash maqsadida maxsus tekshiruv — nekropsiya o‘tkaziladi.

Minke kitlari — mo‘ynali kitlar (baleen whales) oilasiga mansub eng kichik kit turlaridan biridir. Ularning uzunligi: 7–10 metr atrofida, og‘irligi esa 5–10 tonna keladi. Ushbu turdagi hayvonlar 40–50 yil umr ko‘radi. Ular plankton, qisqichbaqasimonlar va mayda baliqlar (shu jumladan, sardina, skumbriya) bilan oziqlanadi. Minke kitlari Atlantika, Tinch va Hind okeanlarida, shuningdek Arktika va Antarktika suvlarida uchraydi. Ular migratsiyaga moyil bo‘lib, yozda sovuq, qishda esa iliq suvlarga ko‘chib yuradi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar