Daryo

Meksikadagi tashlandiq krematoriyda 381 kishining jasadi topildi

Krematoriy 5-6 xonadan iborat kichik bino bo‘lib, unda yuzlab jasadlar “jinoiy beparvolik” oqibatida bir-birining ustiga taxlangan holatda turgan

1 daqiqa o‘qish5 004 ko‘rishlar0 izoh0

Meksikaning Syudad-Xuares shahridagi krematoriyda kuydirilmagan 381 kishining jasadi topildi. Bu haqda Chiuaua shtati prokuraturasiga asoslanib, La Jornada gazetasi xabar berdi.

Foto: La Jornada
“Dafn etish agentliklariga xizmat ko‘rsatuvchi muassasa firibgarlik qilgan. Jasadlar kuydirilmagan, marhumlarning qarindoshlariga esa ularning yaqinlariga tegishli bo‘lmagan kul berilgan”, deyiladi xabarda.

Shtat prokurori Sesar Xauregi Morenoning tushuntirishicha, ikki kishi — korxona egasi va xodimlardan biri qamoqqa olingan. Ularga inson qoldiqlari bilan noto‘g‘ri muomala qilish, sanitariya qoidalarini buzish, ruxsatsiz dafn etish va firibgarlik moddalari bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

“Ular shunchaki jasadlarni olib ketishgan, ehtimol, xizmat ko‘rsatish uchun pul olishgan, lekin amalda hech narsa qilishmagan va jasadlarni to‘plab borishgan”, deydi prokuror.

Krematoriy besh-olti xonadan iborat kichik bino bo‘lib, unda yuzlab jasadlar “jinoiy beparvolik” oqibatida bir-birining ustiga taxlangan.

“Bu fojia va ochiq-oydin mas’uliyatsizlik, chinakam haqorat. Biz munosib tarzda kuydirilmagan jasadlarni qutqarish haqida gapirmoqdamiz”, deb ta’kidladi prokuror.

Bundan oldin Meksikaning Verakrus shtatida qurolli hujum vaqtida hukmron Morena partiyasidan Teksistepek shahri meri lavozimiga nomzod Yeseniya Lara Guterres halok bo‘lgandi. Hodisa to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilayotgan ommaviy tadbir paytida sodir bo‘lgan. Hujum ayol ko‘chada mahalliy aholi bilan salomlashib yurgan paytda yuz bergan.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar