Daryo

Abduvohid Ne’matov faoliyatini Eron chempionatida davom ettirishga yaqin — manba

Tehron klubi o‘zbekistonlik posbonga 2 yillik shartnoma taklif qilgan

1 daqiqa o‘qish5 475 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston terma jamoasi va Qarshining “Nasaf” klubi darvozaboni Abduvohid Ne’matovga Eron chempionatidan jiddiy qiziqish bildirilyapti. Futbolchiga yaqin manbaning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, Tehronning nomdor klubi — “Persepolis” 24 yoshli posbonni o‘z safiga qo‘shib olish niyatida.

Foto: O‘FA

Eron terma jamoasi posboni Alirizo Beyranvand 2024-yilda “Persepolis”dan “Traktor” klubiga o‘tgach, jamoaning darvoza chizig‘ida ko‘plab muammolar paydo bo‘ldi. Tehronliklar ushbu kamchilikni yo‘qotish uchun “Nasaf” a’zosini o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. 

Ne’matov o‘tgan yilning yozida eronlik agent Hamid Merih bilan shartnoma imzolagach, uni fors chempionatiga o‘tishi borasida mish-mishlar paydo bo‘lgan edi. Ammo ma’lum sabablarga ko‘ra bu transfer amalga oshmay qolgan.

Eron klubi Abduvohidga yana qiziqish bildirmoqda va unga 2 yillik shartnoma taklif qilgan. Agar tehronliklar “Nasaf” bilan kelisha olsa, Ne’matov “Persepolis”da ikki yil ichida 6 million dollar ishlab olishi mumkinligi aytilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, Abduvohid Ne’matov “Nasaf” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2019-yildan beri qarshiliklar asosiy jamoasida o‘ynab keladi. Uning klub bilan shartnomasi 2025-yilning oxirigacha amal qiladi. Transfermarkt portali darvozabonning qiymatini 1,5 million yevroga baholamoqda.

Ma’lumot uchun, “Persepolis”da O‘zbekiston terma jamoasining boshqa bir a’zosi — Oston O‘runov ham harakat qiladi. U 2024-yilning boshida tehronliklar safiga o‘tgan edi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar