Daryo

Chet eldan deportatsiya qilingan o‘zbekistonliklarga 2 yil “zagranpasport” berilmaydi

Fuqarolar Migratsiya jamg‘armasi hisobidan xorijdan qaytarilsa, ulardan xarajatlar undirilib, subsidiya va kompensatsiyalar bekor qilinadi

1 daqiqa o‘qish8 766 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonning xalqaro shartnomalariga muvofiq readmissiya qilingan fuqarolarga 2 yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini berish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilmaydi. Migratsiya agentligining xabar qilishicha, bu haqda 13-may kuni “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarorida belgilandi.  

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Bunda readmissiya qilingan fuqarolarga chet elga chiqishi uchun biometrik pasporti rasmiylashtirib beriladigan istisno holatlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi.

Readmissiya qilingan shaxslar  —  O‘zbekiston va boshqa davlatlar o‘rtasidagi xalqaro kelishuvlar asosida, o‘z ixtiyori bilan yoki majburiy ravishda O‘zbekistonga qaytarilgan fuqarolar. Agar biror o‘zbekistonlik fuqaro chet elda noqonuniy qolgan, vizasi tugagan, deportatsiya qilingan shaxs O‘zbekiston tomonidan qabul qilinadi — bu jarayon readmissiya deb ataladi.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro nufuziga va obro‘-e’tiboriga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi xatti-harakatlarni sodir etgan fuqarolarga doir ma’lumotlar Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasi orqali yuritiladi.

Yagona ma’lumotlar bazasiga elektron reyestr sifatida quyidagilar kiritiladi:

  • O‘zbekiston TIV tomonidan xorijdagi diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalaridan olingan ma’lumotlar;
  • O‘zbekiston IIV tomonidan xalqaro shartnomalarga muvofiq readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
  • Migratsiya agentligi va uning xorijdagi vakolatxonalaridan (vakillaridan) olingan ma’lumotlar.

Hujjatga ko‘ra, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlarini buzishi natijasida deportatsiya qilingan fuqarolarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanadi:

  • deportatsiya qilingan fuqaro Migratsiya jamg‘armasi hisobidan qaytarilganda, qaytarish xarajatlarni ushbu fuqarodan undirib olinadi;
  • Migratsiya jamg‘armasi hisobidan taqdim etilgan subsidiya va kompensatsiya summalarini qaytarib undiriladi;
  • bir yilgacha muddat davomida rivojlangan davlatlarga tashkillashtirilgan tarzda ishga yuborish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatilmaydi;

Shuningdek, tashkillashtirilgan tarzda chet elga ishga yuborish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomada shartnoma shartlari bajarilmagani uchun jarima va uchinchi shaxslar kafilligi belgilanadi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar