Futbolda derbilar har doim boshqacha kayfiyatda o‘tadi. Shaharning eng zo‘ri kim ekanligini isbotlash ruhi, ziddiyat va shunchaki g‘alabadan ham ortiq narsa uchun kurash. Shimoliy London derbisidan tortib, Manchester derbisigacha — Premyer Ligadagi katta qarama-qarshiliklar doim muhokamalar markazida. Ammo quyi ligalarda o‘ynaladigan derbilar ham jozibadorlik, tarixiylik va ehtiros jihatdan ular bilan tenglasha oladi, balki ba’zi jabhalarda ustunlik ham qilishi mumkin.
Ha, bu masala ko‘plar uchun nozik, sababi har bir muxlis uchun eng muhim derbi — bu o‘z sevimli jamoasining derbisi. Shunga qaramay, tarix, muhit va raqobat nuqtai nazaridan ayrim derbilar boshqalardan ustunroq. Quyida Buyuk Britaniyaning eng mashhur 10 ta derbisi haqida ma’lumot beriladi.
10. “Sheffild Yunayted” — “Sheffild Uenzdey” — Po‘lat shahar derbisi (Steel City derby)
Angliyaning tarixiy shahri Sheffild ikki mashhur klub — “Pichoqchilar” (“Sheffild Yunayted”) va “Boyqushlar” (“Sheffild Uenzdey”)ga mezbonlik qiladi. Bu shahar temir sanoati bilan mashhur bo‘lgani kabi, bu derbi ham aynan Temir shahar derbisi yoki Po‘lat shahar derbisi deb ataladi. Tarixiy statistikaga ko‘ra, ushbu jamoalar o‘zaro 146 ta marta to‘qnash kelgan. “Yunayted” 51 g‘alaba bilan kichik ustunlikka ega.
Qolgan ko‘plab raqobatlardan farqli o‘laroq, bu derbi muxlislari o‘zaro hurmat saqlashadi, lekin o‘yin kuni kelgach, barcha do‘stona munosabatlar vaqtincha bir chetga suriladi va ular o‘z sevimlilari uchun borini berishadi.
9. “Harts” — “Hibernian” — Edinburg derbisi (Edinburgh derby)
1870-yillar atrofida tashkil topgan ikkita klub bir mamlakat poytaxtida joylashgan bo‘lsa, bu derbi eng qadimiy va ehtirosli to‘qnashuvlardan biri bo‘lishi ajab emas. Futbol jon-u diliga aylangan Edinburg shahrida bu ikki klub 1875-yilning Rojdestvo kuni ilk bor o‘zaro to‘qnash kelgan.
Bugunga qadar 663 marotaba o‘zaro o‘yin o‘tkazilgan bo‘lib, ulardan 309 tasi rasmiy bellashuvlar bo‘lgan. Ammo rasmiy yoki o‘rtoqlik o‘yin bo‘lishidan qat’i nazar, bu derbi har doim jahon chempionati finali kabi o‘tadi.
8. “Milluoll” — “Vest Hem Yunayted” — Dokchilar derbisi (Dockers derby)
Hech kimga sir emaski, ushbu qarama-qarshilik Angliya futbolidagi eng kuchli derbilardan biri. Garchi jamoalar 2005-yildan buyon atigi uch marta to‘qnash kelishgan bo‘lsa-da, bu derbi Dokchilar derbisi (ma’nosi Port ishchilari derbisi — tahririyat) nomi bilan tarixda o‘z o‘rniga ega.
Ha, so‘nggi yillarda bu jamoalar kam o‘ynamoqda, ammo raqobat darajasi o‘z mavqeini hamon saqlab qolgan. Agar bu raqiblar tez-tez uchrashganida, bu derbi reytingda ancha yuqoriroqda bo‘lishi mumkin edi.
7. “Manchester Siti” — “Manchester Yunayted” — Manchester derbisi (Manchester derby)
So‘nggi yillarda bu derbining ruhi biroz susaygandek tuyulishi mumkin. “Manchester Siti” 2008-yilda yangi bosqichga ko‘tarilgach, ushbu qarama-qarshilik yanada yuqori darajadagi bellashuvga aylangan. Stadiongagi muhit oldingidek bo‘lmasa-da, sifat, tarix va shov-shuvga boy bo‘lgan o‘yinlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Yillar davomida futbolchilar o’rtasida norozi holatlar yetarlicha bo’lib o’tdi, Mario Balotelli esa Nemanya Vidich bilan gaplashishning qanchalik qiyinligini og’ir yo’l bilan tushundi. Ko’plab “Manchester Yunayted” muxlislari “Liverpul”ni o’zlarining eng qattiq raqobatchilari deb hisoblashadi, biroq Manchester kabi futbolni sevuvchi shaharda eng zo‘ri bo’lishni istashga hech narsa to’sqinlik qila olmaydi — aynan shu narsa ushbu derbining mohiyatidir.
6. “Kardiff Siti” — “Suonsi Siti” — Janubiy Uels derbisi (South Wales derby)
Har ikki jamoaning stadionlari bir-biridan 65 km uzoqlikda joylashgan bo‘lsa-da, bu Uels klublari o‘rtasidagi raqobat ehtiros, kurash va g‘alabaga chanqoqlik bilan to‘la. 2012/13-yilgi mavsumda ular ilk bor Premyer Ligada to‘qnash kelganida, bu derbi Angliya futboli uchun yangi sahifa ochgandek bo‘ldi.
Agar umumiy statistikaga qarasak, hozircha “Suonsi” o‘zaro bahslarda ustunlik qilmoqda. Ammo bu unchalik katta ahamiyat kasb etmaydi. Asosiysi ushbu jamoalar maydonga tushsa, muxlislar uchun haqiqiy bayram shousi yuzaga keladi.
5. “Everton” — “Liverpul” — Mersisayd derbisi (Merseyside derby)
Dunyodagi kam sonli shaharlar borki, ular Liverpul kabi futbol klublari bilan yashaydi va nafas oladi. Shuning uchun Merseysayd derbisi har doim butun dunyoning diqqatini jalb qiladigan shiddatli bahs sifatida tarixda qolgan. 1962/63-yilgi mavsumdan buyon doimiy ravishda o’ynalib kelayotgan bu derbining yagona aybi shundaki, “Liverpul” 21-asrdan beri bu uchrashuvlarning ko‘p qismini o’z foydasiga o’zgartirib, raqobatning keskinligini kamaytirgan.
“Gudison Park” va “Enfild” stadionlari bir-biriga juda yaqin joylashgan va ularni Stenli bog‘ining yashilligi ajratib turadi, shuning uchun muxlislarning o’z jamoalariga bo’lgan sadoqati hech qachon tasavvur qilib bo‘lmaydigan narsa kabi bo’lib tuyulishi ajablanarli emas.
4. “Arsenal” — “Tottenhem” — Shimoliy London derbisi (North London derby)
Bu derbi nafaqat London uchun, balki butun dunyo uchun qiziqarli. Har yili kamida ikki marta bo‘lib o‘tadigan bu o‘yinlar “Arsenal” va “Tottenhem” muxlislari uchun hamisha muhim. Shu kungacha ular o‘rtasida 200 dan ortiq o‘yin bo‘lib o‘tgan bo‘lib, ularning aksariyati o‘ta dramatik tarzda kechgan.
“Arsenal” g‘alabalar soni bo‘yicha oldinda va ayni damda chempionlik uchun kurashayotgan jamoa sifatida bu ustunlikni mustahkamlashi mumkin.
3. “Aston Villa” — “Birmingem Siti” — Ikkinchi shahar derbisi (Second City derby)
Garchi bu derbi shon-sharaf yoki yulduzlar bilan unchalik bog‘liq bo‘lmasa-da, ehtiros va nafrat darajasi jihatidan hech qaysidan kam emas. Shimoliy London va Mersisayd derbilarining jozibasi bilan solishtirganda, Ikkinchi shahar derbisi o’zining shafqatsizligi bilan haqiqiy raqobatni yaratadi. Britaniya futbolida ko’plab adrenalinni oshiruvchi derbilar ko‘p, lekin ushbu jamoalar o‘rtasidagi bahsni yillar davomida kutadigan muxlislar talaygina topiladi.
Bu xoh Chempionship, xoh Premyer Ligada bo‘lsin, bir muddat davomida ikkala jamoa ham o‘z mavqeyi bo‘yicha teng edi. Ammo hozir “Villa” o‘z raqibidan ancha yuqori statusga ega, chunki ular endi Yevropa futbolida ham yaxshi yurishni amalga oshirmoqda.
2. “Nyukasl Yunayted” — “Sanderlend” — Tayn-Vir derbisi (Tyne-Wear derby)
Ikki futbol “ibodatxonasi”, ikki boy tarixga ega klub, ikki muxlislar armiyasi — bu derbi haqiqiy futbol an’analarini aks ettiradi. Hozirda ular turli ligalarda harakat qilmoqda, ammo Tayn-Vir derbisi Britaniyaning janubiy chegarasidagi eng kuchli raqobat sifatidagi obro‘sini yo‘qotmagan.
Ikkalasi ham derbidagi g‘alabalar bo‘yicha teng natijani qayd etib kelayotgan edi, lekin yaqinda bo‘lib o‘tgan Angliya kubogidagi bahsda “Nyukasl” azaliy raqibidan ustun kelib, so‘nggi sakkiz yil ichidagi birinchi marta o‘tkazilgan Tayn-Vir derbisidagi umumiy g‘alabalar soni bo‘yicha oldinga chiqib oldi. “Sanderlend” esa keyingi bahsda ushbu natijani yana tenglashtirish uchun harakat qilib ko‘radi.
1. “Seltik” — “Reynjers” — Eski firmalar derbisi (Old Firm derby)
Yevropa futbolini chetga qo‘ya turaylik — Old Firm derbisi futbol tarixidagi eng buyuk to‘qnashuvlardan biridir. Glazgodagi bu ikki gigant klublar o‘rtasidagi raqobat shunchaki futbol bahsi emas — bu jamiyat, tarix va g‘ururning to‘qnashuvidir.
Ular o’rtasidagi raqobatni eng ehtirosli va o’z jamoasiga chin dildan sadoqat ko’rsatadigan muxlislar kuchaytiradi. Bu uchrashuvlar oddiy derbi maqomida bo‘lmaydi, balki o‘z sevimlilari uchun hamma narsaga tayyor muxlislar va ular o‘rtasidagi abadiy ziddiyat ega bahs sifatida ham qadrlanadi. Biroq, qandaydir jihatdan bu juda go’zal futbol shousi hamdir. Agar siz Eski firmalar derbisini stadiondan ko’rishni orzu qilmasangiz, o’zingizni futbol muxlisi deb atay olmaysiz.








