Daryo

Erdog‘on muxolifatni turk xalqining “asabiga tegmaslikka” chaqirdi

Turkiya prezidenti Istanbulda davom etayotgan namoyishlar “zo‘ravonlik to‘lqini”ga aylanganini ma’lum qilib, ushbu namoyishlar fonida muxolifatni turk xalqining “asabiga tegmaslikka” chaqirgan

1 daqiqa o‘qish7 534 ko‘rishlar0 izoh0

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘on Istanbulda davom etayotgan namoyishlar “zo‘ravonlik to‘lqini”ga aylanganini ma’lum qilib, ushbu namoyishlar fonida muxolifatni turk xalqining “asabiga tegmaslikka” chaqirdi. U bugun, 24-mart kuni Anqarada o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishidan so‘ng xalqqa qilgan murojaatida shunday degan.

Foto: AP Photo / Francisco Seco

“Men sizlarni bir necha bor fuqarolarimizning osoyishtaligini buzmaslikka chaqirganman. Agar jur’atingiz yetsa, korrupsiya, o‘g‘rilik, pora olish va qonunbuzarliklar uchun hisobot bering. Agar hozirgi tergovdagi ayblovlar va qamoqqa olinganlar uchun kafillik qila olsangiz, chiqib buni ochiq ayting. Agar bunday qilishni istamayotgan bo‘lsangiz, xalqning asabiga tegmang. Shiorlari va dunyoqarashini o‘zlashtirgan chekka so‘l tashkilotlarni politsiyamizga qarshi qayramang”, degan Turkiya rahbari o‘z murojaatida.

Turkiyada ommaviy norozilik namoyishlari 19-mart kuni Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li terrorizm va korrupsiyada ayblanib qamoqqa olinganidan so‘ng boshlandi. Turkiyaning muxolifatdagi Respublika xalq partiyasi 22-mart kuni faqat Istanbulning o‘zida 1 milliondan ortiq odam ko‘chaga chiqqanini bildirdi. Yirik shaharlarda politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlarni qo‘lladi.

23-mart kuni, sud korrupsiyada gumonlanayotgan Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘lini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Imomo‘g‘li bilan birga shahar hokimligining bir qator yuqori lavozimli amaldorlari ham qamoqqa olingan, jami 90 dan ortiq kishi sud jarayoniga jalb qilingan. 

Shundan so‘ng Akrom Imomo‘g‘li ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqni namoyishga chiqishga undadi. Uning aytishicha, aholi aynan hozir erkinlik uchun kurashishi zarur.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar