Daryo

Turkiyada Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishiga qarshi aksiyalarga taqiqlar joriy etildi

Istanbul viloyati ma’muriyati “butun viloyatda jamoat tartibini saqlash va ehtimoliy g‘alayonlarning oldini olish” maqsadida 23-martgacha yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazishni taqiqladi

1 daqiqa o‘qish5 424 ko‘rishlar0 izoh0

Turkiyaning yirik shaharlarida 2028-yilgi prezidentlik saylovlarida muxolifat nomzodi sifatida e’lon qilinishi arafasida qamoqqa olingan Istanbul meri Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishlar taqiqlandi.

Foto: IBB

Ma’lumotlarga ko‘ra, 19-mart kuni qamoqqa olingan Imomo‘g‘li jinoiy tashkilotga rahbarlik qilish va korrupsiyada ayblanmoqda. 

Anadolu davlat axborot agentligi xabar qilishicha, siyosatchiga nisbatan terrorchilik ishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Xususan, u Turkiyada taqiqlangan Qurdiston ishchi partiyasini qo‘llab-quvvatlaganlikda ayblanmoqda. Anqara merni ta’qib qilishning siyosiy sabablarini rad etmoqda.

Umuman olganda, Turkiya prokuraturasi 100 dan ortiq kishini, jumladan, Istanbul ma’muriyatining yuqori lavozimli xodimlarini qamoqqa olish uchun order bergan.

2024-yilda Turkiyada bo‘lib o‘tgan mahalliy saylovlarda muxolifat nomzodlari Anqara va Istanbulda Erdog‘on nomzodlarini mag‘lub etgandi.

Foto: x.com/egitimsenusak

Imomo‘g‘lining qamoqqa olinishi butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, mamlakatning eng yirik shahri Istanbul va poytaxt Anqarada norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Shu munosabat bilan Istanbul viloyati ma’muriyati “butun viloyatda jamoat tartibini saqlash va ehtimoliy g‘alayonlarning oldini olish” maqsadida 23-martgacha yig‘ilishlar va namoyishlar o‘tkazishni taqiqladi. Ba’zi markaziy ko‘chalar yopildi va norozilik namoyishlari politsiya tomonidan tarqatib yuborildi, jumladan, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanildi.

Istanbuldan so‘ng Turkiyaning boshqa shaharlari ham namoyishlarni taqiqladi. Anqarada namoyishlar va yig‘ilishlar o‘tkazishga qo‘yilgan taqiq seshanbagacha (25-mart) besh kun davom etadi. Shuningdek, Izmir port shahri hokimligi ham shunday qaror qabul qilgani haqida ma’lum qildi.

Andijondanman. Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Xalqaro Nordik universitetini (magistr) tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri muxbir boʻlib ishlayman va maxsus materiallar, tenderlar, sud hukmlari, tarjimalar bilan shugʻullanaman. 2025-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotini olganman. Tarixiy film va seriallarni koʻrishni xush koʻraman. Eng sevimli asarim Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” kitobidir.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar