Daryo

Kanada AQSH uchun elektr energiyasi solig‘ini 25 foizga oshirdi

Tramp savdo urushini keskinlashtirsa, elektr energiyasi butunlay o‘chirilishi mumkin

2 daqiqa o‘qish7 697 ko‘rishlar0 izoh0

Kanadaning eng ko‘p aholisi yashaydigan Ontario provinsiyasi  bosh vaziri Dug Ford 10-martdan boshlab AQSH prezidenti Donald Trampning savdo urushiga javoban elektr energiyasi solig‘ini 25 foizga oshirdi. Vazir agar  Donald Tramp savdo urushini keskinlashtirsa, elektr energiyasini butunlay o‘chirishdan ham qaytmasligini aytdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Foto: Sinxua
Men narxlarni oshirishdan tortinmayman. Agar Qo‘shma Shtatlar vaziyatni keskinlashtirsa, men elektr energiyasini butunlay o‘chirishdan ham qaytmayman, dedi Ontario bosh vaziri Dug Ford Torontoda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

U bu ishlar uchun AQSH xalqi javobgar emasligini qayd etdi.

Aslida, men bunday qilmoqchi emasdim. Ayniqsa, savdo urushini boshlamagan Amerika xalqi uchun o‘zimni juda yomon his qilyapman. Bunga bir kishi javobgar, bu — prezident Tramp, dedi Ford.

Trampning Kanadaga joriy qilgan  25 foizlik bojlariga tanaffus e’lon qilishiga  qaramay, Ontario tariflari o‘z kuchida qolishini aytdi va bir oylik tanaffus noaniqlikdan boshqa narsa emasligini ta’kidladi. Kvebek shahri ham AQSHga elektr energiyasi eksporti bo‘yicha shunga o‘xshash choralar qo‘llashni ko‘rib chiqmoqda.

Trampning savdo urushining birinchi qurbonlari kim? Albatta, qimmatlashgan elektr energiyasi to‘lovlarini to‘lashga qiynalayotgan minnesotaliklar, dedi Minnesota gubernatori Tim Valls ijtimoiy tarmoqda Ontario qaroriga oid maqolaga havola bilan.

Minnesotaliklar Trampning milliarderlar boshqaradigan iqtisodiyotini ko‘tara olmaydi. Bu aqlsizlikka chek qo‘yishimiz kerak, qo‘shimcha qildi u.

Michigan davlat xizmati komissiyasining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xodimi Mett Helmsning aytishicha, Ontarioning bu harakati Michigan iste’molchilariga ta’siri kichik bo‘lishi kutilmoqda. Chunki shtatdagi elektr energiyasining asosiy qismi mahalliy kommunal kompaniyalar tomonidan yoki uzoq muddatli shartnomalar asosida ishlab chiqariladi.

Ma’lumot uchun, Ontario Minnesota, Nyu York va Michiganni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

AQSH—Kanada savdo urushi

Foto: GHY International

Tramp  2025-yilning 4-martida Kanada tovarlariga 25 foizlik boj joriy etishni tasdiqlagan.  Tramp  bu taklif giyohvand moddalar va noqonuniy migrantlar oqimi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish maqsadida amalga oshirilayotganini izohlagan.  Kanada ham bunga javoban AQSHdan eksport qilinayotgan tovarlarga 25 foizlik boj joriy qilgan.  Ammo  5-mart kuni Tramp bojlar olishda tanaffus e’lon qilib, muddatni 2-aprelgacha cho‘zgan. 

AQSH Kanadaning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. Kanada esa AQSH uchun ikkinchi yirik bozor sifatida xizmat qiladi. Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalari ko‘p jihatdan avtomobil sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga asoslangan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar