Daryo

Joze Mourinyo to‘rt o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi

Bu uning “Galatasaroy” murabbiylari va hakamlarni haqorat qilgani ortidan yuz berdi

1 daqiqa o‘qish4 672 ko‘rishlar0 izoh0

“Fenerbahche” bosh murabbiyi Joze Mourinyo Turkiya Superligasining 25-turidan o‘rin olgan “Galatasaroy” bilan bahsdan (0:0) keyin bildirgan fikrlari uchun to‘rt o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqida Sky TG24 nashri xabar bermoqda.

Manba: The Independent

Manbaga ko‘ra, 62 yoshli portugaliyalik mutaxassis ikki o‘yinlik diskvalifikatsiyani irqchilikka oid bayonoti uchun, yana ikki o‘yinlik jazoni uchrashuvdagi to‘rtinchi hakamni haqorat qilgani uchun olgan.

Natijada Mourinyo “Fenerbahche”ning Turkiya Superligasi doirasidagi to‘rtta — “Antalyaspor”, “Samsunspor”, “Bodrum” va “Trabzonspor”ga qarshi bahslarni o‘tkazib yuboradi.

Turkiya futbol federatsiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Mourinyo hakamlarni haqorat qilgani uchun 117,000 lira, raqib jamoa a‘zolariga nisbatan bildirgan bayonoti uchun 1,500,000 lira jarimaga tortilgan. 

Eslatib o‘tamiz, “Galatasaroy” bilan bahs yakunlanganidan so‘ng, Mourinyo raqib jamoa zahiradagi futbolchilari va murabbiylar shtabi o‘zini “maymunlardek tutganini” ta’kidlagan edi.

Bu gaplar “Galatasaroy” tomonidan irqchilik sifatida qabul qilindi va klub rasmiy bayonotida quyidagicha fikr bildirildi:

“Mourinyoning Turkiya xalqiga qarshi bildirgan fikrlari insoniylikdan yiroq”.

“Fenerbahche” ushbu bayonotlar kontekstdan yulib olinganini ta’kidlab, Mourinyoni to‘liq qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, Mourinyoning o‘zi “Galatasaroy” klubini tuhmat uchun sudga berishi mumkinligi aytilmoqda.

Ma’lumot uchun, Mourinyoning olgan jazosi faqat Turkiya Superligasiga tegishli bo‘lib, u “Fenerbahche”ning Yevropa Ligasi doirasidagi “Reynjers”ga qarshi muhim uchrashuvda jamoani boshqara oladi.

Qashqadaryo viloyatidanman. O’zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, Bosma OAV fakulteti, Sport jurnalistikasi yo‘nalishini tugatganman. “Daryo”da 2025-yilning mart oyidan beri ishlayman va xabarlar hamda tahliliy maqolalar yozaman. Har yili Qozog‘istonning “Hokim” kinosini kamida bir marta ko‘raman. Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasini sevib o‘qiyman.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar