Isroil HAMAS bilan tuzilgan kelishuv doirasida Isroil qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan falastinliklarning ikkinchi guruhini ozod etdi.
Jami 200 kishi ozod qilindi. Galey Saxal radiosi ma’lumotiga ko‘ra, 114 nafar falastinlik mahbus G‘arbiy qirg‘oqdagi Ramalla shahriga jo‘natiladi, 70 nafari Misrga, 16 nafari esa G‘azo sektoriga yuboriladi.
Zarur tadbirlar amalga oshirilgach va hukumat tomonidan tasdiqlangach, mahbuslar Ofer va Ksiot qamoqxonalaridan ozod etildi,
deya xabar berdi Isroil qamoqxonalar xizmati.
Falastinlik mahbuslarning ozod etilishi HAMAS va Isroil o‘rtasidagi 19-yanvarda kuchga kirgan bitimning shartlaridan biri hisoblanadi. Bunga javoban HAMAS 33 nafar isroillik garovga olinganlarni ozod qilish majburiyatini olgan. Hozirga qadar yetti kishi asirlikdan ozod etilgan. 25-yanvar kuni HAMAS Isroil armiyasi razvedkasida xizmat qilgan to‘rt nafar isroillik harbiy ayollarni ozod qildi.
Bitim kuchga kirgan birinchi kuni HAMAS uchta isroillik garovga olinganlarni topshirgan edi, Isroil esa 90 nafar falastinlik mahbusni ozod qilgan. Bitimning ikkinchi bosqichida HAMAS qolgan barcha garovga olinganlarni ozod qilishi, Isroil esa o‘z harbiylarini G‘azo sektoridan olib chiqishni yakunlashi kutilmoqda. Uchinchi bosqichda halok bo‘lganlarning jasadlari almashtiriladi.
Isroil va HAMAS o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bitimi kuchga kirdi
Bitimning birinchi bosqichida HAMAS Isroil tomoniga 33 nafar garovga olinganlarni topshiradi, ularning aksariyati tirik deb taxmin qilinmoqda. Bular asosan ayollar, bolalar, keksalar, bemorlar va yaradorlardir. Bunga javoban Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan ozod qiladi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo sektori hududlarining aksariyat qismidan chiqib ketadi, faqatgina G‘azo sektori va Misr o‘rtasidagi Filadelfiya yo‘lagida, shuningdek, Falastin eksklavi va Isroil chegarasidagi maxsus bufer hududida harbiy mavjudligini saqlab qoladi. G‘azoning tinch aholisi o‘z uylariga, jumladan, janglar tufayli eng ko‘p zarar ko‘rgan shimoliy hududlarga ham qaytish imkoniyatiga ega bo‘ladi.








