Daryo

Amerika sudi suriyalik “jallod”ga ayblov qo‘ydi  

Ko‘p yillar davomida Bashar Asadga xizmat qilgan qamoqxona boshlig‘i mahbuslarga azob berishni buyurgani va shaxsan o‘zi ularga kuchli jismoniy hamda ruhiy azob yetkazishda ishtirok etganligi aytilmoqda

1 daqiqa o‘qish21 284 ko‘rishlar0 izoh0

Amerika sudi suriyalik jallodga ayblov qo‘ydi, deb xabar bermoqda Bild nashri.

Bashar Asad va Samir Usmon Al-shayx
Foto: Bild

Suriyadagi sobiq qamoqxona boshlig‘i va gubernator Samir Usmon Al-Shayx ko‘p yillar davomida Bashar Asad uchun xizmat qilgan. Los-Anjeles federal sudi uni qiynoqlarda aybdor deb topdi.

AQSH Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, Al-Shayx 2005-yildan 2008-yilgacha Damashqdagi Adra qamoqxonasini boshqargan. U mahbuslarga azob berishni buyurgan va shaxsan o‘zi ularga kuchli jismoniy va ruhiy azob yetkazishda ishtirok etgan.

Ta’kidlanishicha, Al-Shayx mahbuslarni “jazo hududiga” yo‘naltirgan, u yerda ularni kaltaklashgan, qo‘llarini shiftga osib, maxsus qurilma yordamida tanalarini bukib, ba’zi hollarda umurtqa pog‘onasini sindirishgan. Bu qiynoqlardan maqsad Asad rejimiga qarshi muxolifatni bostirish bo‘lgan.

Al-Shayx joriy yilning iyul oyida firibgarlikda gumonlanib, Los-Anjeles aeroportida hibsga olingan edi. Jinoyat ishiga ko‘ra, u Amerika vizasi (2020-yil) va fuqaroligi (2023-yil) olish uchun hujjatlar topshirganda, Suriyadagi muxolifatchilarni hech qachon ta’qib qilmaganini aytib yolg‘on ma’lumot bergan. Shundan so‘ng Al-Shayx Livanga uchib ketmoqchi bo‘lgan.

Amerikaning CBS telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Al-Shayx faoliyatini politsiyada boshlagan, keyin esa siyosiy muxoliflarga qarshi kurashish bilan shug‘ullangan Suriya davlat xavfsizlik xizmatiga o‘tgan. 2005-yilda u brigada generali va qamoqxona boshlig‘i bo‘lgan, 2011-yilda esa Asad uni Dayr az-Zor gubernatori etib tayinlagan.

Agar Al-Shayx aybdor deb topilsa, unga qiynoqlar uchun 20 yilgacha va immigratsiya hujjatlari bilan bog‘liq firibgarligi uchun 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar