Daryo

JST yo‘lida: O‘zbekistonni oldinda qanday muammolar kutadi?

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zolik marrasi tomon odimlar ekan, dunyodagi geosiyosat Rossiya-Ukraina, Isroil-G‘azo mojarolari hamda Donald Trampning Oq uyga kelishi fonida boshqa yo‘nalishga og‘ib borayotgandek tuyulmoqda. Ushbu maqolada iqtisodchi, Central Asian University (CAU) professori Valijon To‘raqulov O‘zbekiston JST a’zoligi yo‘lida ayni paytda qaysi pog‘onada ketayotgani hamda JSTning kelajakdagi taqdiri haqida so‘zlab beradi

7 daqiqa o‘qish29 097 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zolik marrasi tomon odimlar ekan, dunyodagi geosiyosat Rossiya-Ukraina, Isroil-G‘azo mojarolari hamda Donald Trampning Oq uyga kelishi fonida boshqa yo‘nalishga og‘ib borayotgandek tuyulmoqda. Ushbu maqolada iqtisodchi, Central Asian University (CAU) professori Valijon To‘raqulov O‘zbekiston JST a’zoligi yo‘lida ayni paytda qaysi pog‘onada ketayotgani hamda JSTning kelajakdagi taqdiri haqida so‘zlab beradi.

30 yilga cho‘zilgan jarayon

O‘zbekiston JSTga a’zolik arizasini hali tashkilot tashkil etilmasidan, ya’ni 1994-yildayoq topshirgan eng birinchi davlatlardan biri hisoblanishi, balki, aksariyat o‘quvchilarimiz uchun yangilik bo‘lishi mumkin. 1995-yilda tashkil topgan JST undan oldin GATT (ingl. General Agreement on Tariffs and Trade – Tariflar va savdo bo‘yicha Bosh kelishuv) nomli xalqaro shartnoma asosidagi faoliyat yuritgan va O‘zbekiston aynan shu tashkilotga a’zolikka ariza bergan.)

Afsuski, davlatimiz a’zolik jarayonini 30 yilga cho‘zish orqali ham rekord o‘rnatgan mamlakatlardan biridir. Vaholanki, qo‘shni davlatlar (Turkmaniston bundan mustasno), hatto Afg‘oniston ham allaqachon JSTga a’zo bo‘lib ulgurgan.

O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarning JSTga a’zo bo‘lish tarixi
Fotokollaj: “Daryo”

Bilamizki, O‘zbekiston dengizga chiqish uchun kamida ikki davlatni kesib o‘tishi kerak bo‘lgan (double-land locked) dunyodagi ikki davlatdan biri hisoblanadi (ikkinchi Lixtenshteyn). Bu esa nafaqat mahalliy eksportchi firmalar uchun savdo logistikasi xarajatlarini oshiradi, balki xorijiy investorlarni ham o‘ylashga majbur qiladi (tadqiqotlarga ko‘ra quruqlik logistikasi dengiz logistikasidan 5-6 barobar qimmat hisoblanadi).

Mana shu noqulayliklarga javoban erkin savdo rejimi, ya’ni JSTga a’zolik – eng oqilona yechim. Yaxshiyamki, prezident Mirziyoyev ushbu talablarni anglagan holda JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yana jonlantirish bo‘yicha 2018-yilda tashabbus bilan chiqdi hamda hukumat 2026-yilga qadar a’zolikni tamomlash bo‘yicha qat’iy qaror qabul qildi.

O‘zbekistonning hozirgi holati

Bugungi kunda O‘zbekiston JSTga a’zoligi sari jiddiy harakat qilmoqda. Buni O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha tashkil qilingan ishchi guruh raisi Seong Deok Yunning e’tirofidan ham bilib olsak bo‘ladi:

“Bugun yettinchi uchrashuvimizdan bor-yo‘g‘i olti oy o‘tgach, yana (sakkizinchi uchrashuvga) to‘planib turibmiz. Ishchi guruh yig‘ilishlari orasidagi muddatning qisqarishi, ishlarimiz yanada tezroq sur’atda ilgarilab borayotganidan darak beradi” degandi koreyalik ekspert.

O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha tashkil qilingan ishchi guruh raisi Seong Deok Yun muzokaralar jarayonini kuzatmoqda
Foto: WTO

Shuningdek, 2024 yilning 5-6-dekabr kunlari Jenevada ishchi guruhning 9-yig‘ilishi o‘tkazilishi ham a’zolikka bo‘lgan intilishning favqulodda jiddiy ekanini ko‘rsatmoqda.

“…Ishchi guruhning 7-yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston 33 ta a’zo davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar olib bormoqda”.

JSTga a’zolik bo‘yicha bosh muzokarachi etib tayinlangan O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov o‘tgan haftada ikki tomonlama muzokaralar bilan bog‘liq xushxabarni ulashdi:

“Yil yakuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha juda mazmunli bo‘lmoqda. Ikkita eng yirik global savdo egalari — Amerika va Xitoy bilan muzokaralar yakunlandi. Jami 22 ta davlat bilan muzokaralar yakunlandi va oz sonli davlatlar qoldi”.

JSTga a‘zo bo‘lish jarayoni
Foto: WTO

1-dekabr kuni Jenevada Filippin bilan ham ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi va tomonlar JST bosh direktori o‘rinbosari Chjan Syanchen ishtirokida tegishli protokolni imzolashdi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi ikki oy ichida O‘zbekiston Filippin, AQSH, Xitoy va Salvador bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.

Shu tariqa hozirga qadar 23 davlat bilan muzokaralar bitirildi. Shundan AQSH, Xitoy, Turkiya, Yaponiya, Mo‘g‘uliston, Saudiya Arabistoni, Isroil, Braziliya, Shri-Lanka, Argentina, Gruziya, Dominikan Respublikasi, Tailand va Filippin bilan kelishuvga erishilgani jamoatchilikka ma’lum qilingan (ammo shartlari ochiqlanmagan), qolgan mamlakatlar bilan kechgan muzokaralar ommaga ochiqlanmagan.

O‘zbekiston Xitoy bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi
Foto: Azizbek O‘runov

Shu bilan birga muzokaralar davom etayotgan qolgan 10 davlat bilan kelishuv jarayoni qanday borayotgani, ular nimalarni talab qilayotgani xususida ham na bir ma’lumot, na bir tasavvurga egamiz. Lekin bir narsa aniq: odatda ikki tomonlama muzokaralar a’zolikka da’vogar davlatning eng katta savdo sheriklari bilan olib boriladi. Chunki savdo sherigining JSTga a’zo bo‘lishi aynan shu davlatlarga eng ko‘p ta’sir qiladi.

Masalan, O‘zbekistonning JSTga a’zoligi borasida kelishuvga erishilgan davlatlar ichida Xitoy 20 foizdan ko‘proq ulush bilan eng katta savdo sherigimiz bo‘lsa, Turkiya to‘rtinchi o‘rindagi savdo hamkorimiz hisoblanadi. Ikkinchi hamda uchinchi o‘rindagi savdo sheriklarimiz Rossiya hamda Qozog‘iston bilan muzokaralar yakunlandimi yoki yo‘q, afsuski, bu borada ma’lumotga ega emasmiz.

Ko‘p ehtimol bilan Rossiya O‘zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YII)ga a’zo bo‘lishga undash fonida muzokaralarni kechiktirishi mumkin (Bu holat Qozog‘iston bilan ham kuzatilgan). Undan tashqari, ayni paytda Kreml Ukraina mojarosi bilan band bo‘lib, muzokaralarga “vaqt topa olmasligi” masalasi ham bor. G‘arb tomonidan Rossiyaga yo‘naltirilgan sanksiyalar esa masalani yanada chigallashtiradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu o‘rinda muhtaram o‘quvchida JST a’zolari soni 166 ta bo‘lsa-yu, nima uchun atigi 33 ta davlat bilan muzokara olib borilayotgani savol tug‘dirishi tabiiy. Gap shundaki, ikki tomonlama muzokaralar har bir a’zo bilan emas, balki eng katta savdo sheriklari hamda kelajakda savdo qilish ehtimolligi yuqori bo‘lgan davlatlar bilan olib boriladi.

Ular bilan kelishuvga erishilganidan so‘ng ko‘p tomonlama muzokaralar (multilateral negotiations) boshlanadi. Qisqa qilib aytganda, ikki tomonlama muzokaralarda davlatlar bir-biri bilan xos masalalarni hal qilib olishadi. Ko‘p tomonlama muzokaralarda esa umum masalalar ko‘rib chiqiladi.

Xalqaro geosiyosiy omillar va JST taqdiri

Jahon savdo tizimi Donald Trampning avvalgi prezidentligi davrida boshlangan siyosat tufayli jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi. Trampning JSTni tanqid qilishi, jumladan, AQSHga qarshi tarafkashlikda ayblashi va uning nizolarni hal qilish mexanizmlarini moliyalashtirishni kamaytirishi, shu bilan birga, JSTning sud tizimini mensimasligi tashkilotning jahon hamjamiyati oldida darajasini yaxshigina pasaytirgandi.

Tramp “kutilmaganda” AQSH prezidentligiga qayta saylanishi hamda uning kutilgan proteksionist siyosati JST ravnaqiga yana soya solish arafasida turibdi. Janob Tramp allaqachon o‘z siyosati haqida mujdalarni ommaga e’lon qilib bo‘ldi. Trampning “America First” (Amerika birinchi) siyosati fonida juda ham ko‘plab xalqaro institutlar, xususan, JST ikkinchi darajaga tushib qolishi aniq.

Ehtimoliy AQSH—Xitoy savdo urushi: O‘zbekiston iqtisodiyotiga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xavflar

Masalan, Donald Tramp Amerika bozoriga kirib kelayotgan har qanday turdagi tovarlarga 10 foizlik boj joriy qilmoqchi. Bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri JSTning tamoyillariga qarshi bo‘lib, agar JST bu siyosatga, ya’ni adolatsizlikka qarshi hech narsa qila olmasa, uning xalqaro savdo tizimidagi obro‘yi bir pul bo‘ladi.

Shinjon AQSH sanksiyalarini bartaraf etish uchun Markaziy Osiyo bilan yaqinroq aloqalarga intilmoqda — OAV

Natijada zanjir effekti sodir bo‘lib boshqa davlatlar ham JST qoidalarini mensimay boshlaydi. Qarabsizki, qat’iyatini yo‘qotgan JSTdan O‘zbekiston o‘zi kutgan foydani ololmaydi. O‘zbekiston uchun JSTning zaiflashuvi adolatli savdo amaliyoti kafolatlarining kamayishi va yirik iqtisodiyotga ega davlatlar bilan nizolarga qarshi himoyaning susayishini anglatadi

Bu bir faraz bo‘lsa-da, xavotirga arzigulik masala hisoblanadi. Sababi ayni shunga o‘xshash holatlar – Rossiya xalqaro institutlar qonun-qoidalarini, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu esa Xalqaro jinoyat sudi hamda BMT chiqargan rezolyutsiyalarni mensimasligi xalqaro hamjamiyatda tartibsizliklarni vujudga keltiradi. Bu esa O‘zbekiston kabi iqtisodiy jihatdan kichik davlatlarga nisbatan zo‘ravonlikning oshishiga olib boradi.

AQSH va Xitoy o‘rtasida savdo urushi boshlanish arafasida
Foto: Asia Times

Ortga yo‘l yo‘q!

Tadqiqotlarga ko‘ra, dengiz yoki okeanga chegaradosh davlatlar quruqlik bilan o‘ralgan davlatlarga nisbatan iqtisodiy jihatdan bir necha barobar tezroq o‘sadi. Shundoq ham quruqlik bilan o‘ralgan O‘zbekiston uchun yopiq iqtisodiyot siyosati, u har qancha mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash, import o‘rnini bosuvchi siyosat kabi zar qog‘ozlar bilan o‘ralmasin, noto‘g‘ri bo‘lib qolaveradi.

Demak, eng to‘g‘ri yo‘l, avvalo, jahon savdo tizimiga integratsiya qilish: buning uchun esa 98-99 foiz savdo aylanmasini qamrab olgan JSTga a’zo bo‘lish lozim va hamisha shunday bo‘lib qolaveradi.

O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan. 2024-yil sentyabr
Foto: Saida Mirziyoyeva / Telegram

2026-yilgacha a’zolikka jiddu jahd qilayotgan hukumatning harakatlari maqtovga sazovor. Afsuslarki, shuncha yillik tanaffus va urinishlardan so‘ng endi a’zo bo‘laman deb turilganda, geosiyosiy vaziyat xalqaro institutlar, xususan, JSTning ahamiyatini susaytirish arafasiga kelib qoldi.

Ushbu noaniqliklarni yumshatish va JSTga a’zo bo‘lishning afzalliklaridan to‘liq foydalanish uchun O‘zbekiston ko‘p qirrali strategiyani qo‘llashi lozim. Ya’ni savdo siyosatimizni nafaqat JSTga a’zolik bilan, balki ikki tomonlama hamda mintaqaviy erkin savdo shartnomalarini ko‘paytirish bilan samaraliroq qilish hamda diversifikatsiya etish maqsadga muvofiq.

Masalan, MDH davlatlari o‘rtasida avvaldan mavjud bo‘lgan, biroq shunchaki qog‘ozda qolib ketayotgan erkin savdo shartnomasini amaliy jihatdan mustahkamlash lozim. Shuningdek, muzokaralar ma’lum bir sababli to‘xtab qolgan Turkiya hamda Koreya Respublikasi bilan erkin savdo shartnomalari JSTga a’zolik doirasida qayta start berish hozirgi sharoitda har qachongidan ham muhim.

Eng muhimi esa 2005-yilda ma’lum bir geosiyosiy aralashuvlar sababli to‘xtab qolgan CACO (Central Asian Cooperation Organization) – Markaziy Osiyo hamkorlik tashkilotini yuqori integratsiya ambitsiyasi bilan qayta jonlantirmoq darkor.

Valijon To‘raqulov
Iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
CAU professori

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar