Daryo

Dunyo AQSHdagi saylovlardan nima kutyapti? 

AQSH prezidenti saylovlariga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi. Nomzodlarning imkoniyatlari deyarli teng baholanmoqda. Yaqin Sharq va Ukrainadagi urush fonida saylov natijalariga e’tibor nihoyatda ortgan. 47-prezident qonli to‘qnashuvlarga barham bera oladimi? Uchinchi jahon urushi yoqasiga kelib qolgan dunyodagi keskin vaziyatni yumshatadimi? Kamala Harris prezident bo‘lsa nima o‘zgaradi-yu, Tramp g‘olib chiqsa, qanday yangiliklar yuz beradi? “Daryo” mana shu savollar bilan siyosatshunoslar Shuhrat Rasul va Abduvali Soyibnazarovga murojaat qildi

8 daqiqa o‘qish34 816 ko‘rishlar0 izoh0

AQSH prezidenti saylovlariga ikki haftadan kamroq vaqt qoldi. Nomzodlarning imkoniyatlari deyarli teng baholanmoqda. Yaqin Sharq va Ukrainadagi urush fonida saylov natijalariga e’tibor nihoyatda ortgan. 47-prezident qonli to‘qnashuvlarga barham bera oladimi? Uchinchi jahon urushi yoqasiga kelib qolgan dunyodagi keskin vaziyatni yumshatadimi? Kamala Harris prezident bo‘lsa nima o‘zgaradi-yu, Tramp g‘olib chiqsa qanday yangiliklar yuz beradi?

“Daryo” mana shu savollar bilan siyosatshunoslar Shuhrat Rasul va Abduvali Soyibnazarovga murojaat qildi.

Suhbatdoshlarimizning fikriga ko‘ra, saylov yilida hamma osmondagi oyni va’da qiladi, ammo haqiqat shuki, saylovdan keyin g‘olib hamisha ko‘rpaga qarab oyoq uzatadi. “Osmondagi oy”, ta’bir joiz bo‘lsa, AQSHdagi iqtisodiy vaziyatni anglatadi. Ikkala nomzod ham o‘z saylovoldi dasturini “iqtisodiy barqarorlik” degan tushunchaga qurgan. Zotan amerikalik saylovchilarni birinchi navbatda narx-navo, ishsizlik, soliqlar masalasi qiziqtirmoqda. 

Abduvali Soyibnazarov:

— Ikkala nomzod ham iqtisodiy qarashlarini bayon qilib, inflyatsiyani jilovlashga va choychaqa uchun soliq olmaslikka va’da berdi. Ammo bu taklif fast-fud tamaddixonalari yoki choychaqa olmaydigan boshqa kam ta’minlangan ishchilarga yordam bermaydi. Aksincha, ba’zilar o‘z bonuslari va boshqa daromadlarini choychaqa sifatida tasniflab, soliqdan qochishi ham mumkin.

Noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan amerikaliklarga har ikki g‘oya ham ma’qul bo‘lsa-da, ularni amalga oshirish unchalik oson emas. Amerikalik saylovchilar, demokratlar va respublikachilar yakdil bo‘lgan, ehtimol, yagona masala bor: bu inflyatsiya. Narxlar Ukraina inqirozidan keyin 15-20 foizga oshib ketdi. Ko‘pgina mahsulotlar narxini oddiy odamlarning hamyoni ko‘tarishi qiyin bo‘lib qoldi. Kamala Harris prezidentlikka saylansa, xarajatlarni kamaytirish va barcha amerikaliklar uchun iqtisodiy xavfsizlikni oshirish ustuvor vazifam bo‘ladi, deydi. Ammo Harris va’dasining ustidan chiqolmasligi mumkin, dedi.

Abduvali Soyibnazarov
Foto: “Daryo”

Ekspert Kamala Harris va’dasining ustidan chiqa olmaslik ehtimolini Eron, Rossiya, Shimoliy Koreya va boshqa davlatlarga qarshi aynan demokratlar tomonidan joriy etilayotgan sanksiyalar bilan izohlaydi. Mazkur jazo choralari dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bumerang kabi AQSHning o‘zidagi inqirozlarga sabab bo‘lyapti. Shuhrat Rasul esa nomzodlarning iqtisodiy jarayonlarga yondashuvi bir-biridan tamoman farq qilishiga e’tibor qaratadi.

Shuhrat Rasul:

— Donald Tramp yirik transmilliy korporatsiyalar, fondlar, xoldinglar uchun bugungi kundagi 21 foiz foyda solig‘ini 15 foizga tushirmoqchi. Uning mantig‘i bo‘yicha shu yo‘l bilan AQSH iqtisodi stimullanadi. Bu qanchalik amalga oshishini vaqt ko‘rsatadi. Tramp byudjet tushumlarini ko‘paytirishning yana bir chorasini taklif qilyapti. Bu – Xitoy tovarlariga nisbatan 60 foizlik boj to‘lovlarini joriy etish. Ammo bu ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy urushga olib kelishi mumkin. Chunki Xitoy ham AQSH tovarlariga nisbatan xuddi shunday chora qo‘llaydi.

Oqibatda misli ko‘rilmagan retsessiya yuz berib, dunyo iqtisodi kasod bo‘lishi mumkin. Tramp YI davlatlaridan import qilinayotgan tovar va xizmatlar uchun ham 10 foizdan 20 foizgacha bojxona to‘lovlarini oshirishni taklif etyapti. Bunday keskin choralar javobsiz qolmasligini tushunish kerak. Agar shu rejalarning hammasi amalga oshsa, yuqorida aytilganidek, dunyoni global iqtisodiy retsessiyaga olib kelishi mumkin va bu retsessiya Tramp siyosatining “qo‘lbola” mahsuli sifatida e’tirof etilishi lozim bo‘ladi. Bunaqasi hali dunyoning yangi tarixida yuz bermagan, dedi.

Shuhrat Rasul
Foto: “Daryo”

Ekspertning fikriga qaraganda, Tramp bojxona tariflarini oshirish orqali byudjetga pul to‘ldirib olmoqchi bo‘lyapti. Katta ehtimol bilan ko‘zlangan mablag‘larni ololmaydi va oxir-oqibat global iqtisodiy inqiroz xavfini paydo qiladi. 

Umuman olganda, Tramp ham, uning saylovdagi demokrat raqibi Kamala Harris ham ish o‘rinlarini Amerikaga qaytarmoqchi. “Xitoyga nisbatan siyosatimiz 21-asrda Amerika Qo‘shma Shtatlarining raqobatda qo‘li baland kelishini ta’minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak”, deydi Harris. 

Abduvali Soyibnazarov Trampning neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish orqali narxlar ko‘tarilishiga qarshi kurashish g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblaydi. Chunki dunyoning qaysi davlatida neft va gaz narxi barqaror tursa, boshqa mahsulotlar ham qimmatlamaydi.

Kamala Harris avvaldanoq o‘rta sinf vakillarini qo‘llab kelmoqda

Foto: Google Images

Abduvali Soyibnazarov:

— Avvalgi so‘rovlarga ko‘ra, Tramp iqtisodiy masalalar bo‘yicha Jo Baydendan oldinda edi. Bayden nomzodlikni Kamala Harrisga topshirgach, tomonlarning imkoniyati tenglashdi. Bugungi so‘rovlarga ko‘ra, saylovchilarning 42 foizi Harrisga, 41 foizi esa Trampga ko‘proq ishonadi. Kambag‘allikka qarshi choralar, kasaba uyushmalarini qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya va nafaqa bilan bog‘liq muammolarni hal etish demokratik nomzod platformasidagi asosiy jihatlardir. Harris narxlarni tushirishni ham va’da qilmoqda.

Respublikachilar esa narxlar oshganida demokratlarni ayblaydi. Bayden prezidentligida eng zarur mahsulotlar kamida 19 foizga qimmatlashgani holda, soatiga to‘lanadigan ish haqi 17 foizga ko‘tarilgan. Bayden korporativ soliqni 28 foizga chiqarishni taklif qilgan, Tramp esa uni 21 foizga tushirgan edi. Ayni damda Amerikada iqtisodiy o‘sish 3 foizga ham yetmaydi. Trampning shtabi Kamala Harris xususiy sektorni cheklashga urinadi, deya xalqni unga ovoz bermaslikka undamoqda.

Tramp tarafdorlarining fikriga ko‘ra, demokratlar hokimiyat tepasiga kelsa soliqlar oshadi, ayniqsa energetika sohasi zarar ko‘radi. 2021-2022-yillarda inflyatsiya ko‘tarilgani Harrisga qarshi ishlashi mumkin, chunki bu muammoda odamlar, asosan, Oq uyning amaldagi ma’muriyatini ayblaydi. Demak, tadbirkor sifatida Tramp iqtisodiyotni yaxshiroq tushunadi. Shu bois u vaziyatni o‘nglashi mumkin. Demokratlar yana ortiqcha sanksiyalar siyosatiga berilib, dunyo va mamlakat iqtisodiyotini chigal holatga keltiradi.

Bayden nomzodlikni Harrisga topshirgach, ikki partiya vakillarining imkoniyatlari tenglashdi

Foto: Google Images

Shuhrat Rasul:

— Agar saylovlarda Harris g‘alaba qilsa, dunyoda bugungi holat saqlanib qoladi va jahon iqtisodiga, savdo tizimiga zarar tegmaydi. Chunki Harris o‘zining saylovoldi tizimida Amerikaning tashqi iqtisodiy siyosatida mavjud holat saqlanib qolishi haqida gapirgan. Xitoy bilan 60 foizlik boj haqida hech qanday gap yo‘q. Ichki siyosatda esa u avvalboshdanoq o‘rta tabaqalarni qo‘llab kelyapti. Daromadi 400 ming dollardan kam bo‘lganlar uchun 25 ming dollarlik imtiyozlar bor, bolalilar uchun qo‘shimcha imtiyozlar va hokazo.

Tramp foyda soliqlarini tushirmoqchi bo‘layotgan “katta akulalar”, ya’ni transmilliy kompaniyalar, banklar, fondlar juda katta foyda ko‘radi. Ular shusiz ham daromadlarini ofshorlarga yashirish bilan ovora. Ochig‘ini aytganda, 21 foiz soliq deyilgani bilan 21 foizni ham to‘lamaydi – ofshordagi mablag‘lar soliq nazoratidan chiqib ketayotganini AQSHda hamma biladi — Harris shunga qarshi kurashmoqchi. Men iqtisodchi sifatida ta’kidlamoqchimanki, Harrisning saylovda g‘alaba qozonishi AQSH iqtisodi uchun foyda.

Fikrimcha, uning hokimiyati davrida mamlakat YIM juda o‘sib ketmagan taqdirda ham, 2023-2024-yillardagi ko‘rsatkichlarni takrorlaydi yoki 1-1,5 foiz qo‘shiladi. Rivojlangan davlatlarda bu yaxshi natija. Bordi-yu Tramp prezident bo‘lsa, uning siyosati YIMni 1-1,5 foizga tushirib yuboradi.

Tashqi siyosatda ham nomzodlarning yondashuvlari turlicha. Deylik, Ukraina masalasida. Tramp NATOga a’zo mamlakatlar umumiy mudofaa uchun oz ulush to‘layotganidan arz qilib keladi. U AQSHning Ukrainaga moliyaviy yordam yo‘llayotganini tanqid qilmoqda. Ukrain askarlarining frontdagi matonati bilan Yevropada, balki butun dunyoda eng korrupsiyalashgan Ukraina rahbariyati va hukumatini adashtirmaslik kerakligini aytadi.

Shuhrat Rasul:

— Donald Trampning har doimgi va’dasi — urushni 24 soatda to‘xtataman degan so‘zlari populizmdan boshqa narsa emas. 24 soatda to‘xtata olmaydi. Ammo Ukrainaga beriladigan yordamni qisqartirib yoki to‘xtatib qo‘yib, Ukrainaning konfliktdagi pozitsiyasini zaiflashtirishi mumkin. Kuni kecha qiziq voqea yuz berdi: Ukrainaga operativ yordam shtabi Amerikadan Bryusselga ko‘chirildi. Bu Ukrainaning Yevropadagi do‘stlari — Fransiya, Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlarining talabi bilan bo‘ldi. Maqsad — bordi-yu, Tramp saylovlarda g‘alaba qozonsa, harbiy va moliyaviy ko‘mak masalalarida muammolar kelib chiqishining oldini olish.

Umuman, Tramp prezident sifatida Rossiyaga yon bosishga va shu orqali Ukrainani Putin qo‘yayotgan talablar asosida sulhga majbur qilishga harakat qilib ko‘radi. Kamala Harris esa qat’iy ravishda Ukraina tarafdori va uni oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydi. Agar Harris prezident bo‘lsa, Rossiya uchun juda og‘ir, Ukraina uchun esa uchun nihoyatda yaxshi sharoit yuzaga kelishi mumkin.

Tashqi siyosatning yana bir muhim yo‘nalishi — Yaqin Sharq masalasida esa nomzodlar birmuncha hamfikr ekanini ko‘rish mumkin. Tramp ham, Harris ham Isroilni tashqi tahdidlardan himoya qilishga va’da bermoqda. “Qo‘shinlarimizni va manfaatlarimizni Eron va unga xayrixoh terrorchilardan himoya qilishda qat’iy chora ko‘rishga hech ikkilanmayman”, degan edi Harris o‘z partiyasining qurultoyida.
Saylovoldi jarayonida Tramp o‘zini McDonald’s ishchisi sifatida sinab ko‘rdi
Foto: Google Images

Abduvali Soyibnazarov:

— Eron Isroil tomon raketa va dronlar uchirganida Bayden va Harris ma’muriyati ularni urib tushirishda yordam berdi, Eronni bo‘lajak hujumlardan qaytarish uchun avgustda mintaqaga harbiy kemalar jo‘natdi. Donald Tramp ham Eron tahdidini bartaraf qilishga va’da bergan, ammo bu ishni qanday amalga oshirishini aytmagan. U prezidentlik davrida Eronga maksimum bosim o‘tkazganini yoddan chiqarmaslik kerak. Tramp o‘sha strategiyasini davom ettirishi haqida so‘z ochmayotgani Eron masalasida yangi siyosat yuritishi mumkinligiga ishora qilmoqda.

Tramp Isroilga eng ko‘p yordam ko‘rsatgan prezident. Suriyaga tegishli, ammo Isroil bosib olgan Jo‘lon tepaliklarini Isroilniki deb tan oldi. Quddusni Isroilning poytaxti deya e’tirof etdi. Eron qo‘mondonlaridan biri Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishiga farmon berdi. U hokimiyatga qaytsa, Yaqin Sharqdagi Isroilning barcha dushmanlariga qarshi kurashda Tel-Avivga ko‘makni yanada oshirmoqchi.

Demokratlar nomzodi Kamala Harris ham Isroilga harbiy ko‘mak hajmini yuqori darajada saqlab qoladi, ammo gumanitar halokat ko‘lami kengayib ketishiga qarshi turadi.

Tramp Xitoy tovarlariga 60 foizlik boj to‘lovlarini joriy etmoqchi

Foto: Google Images
Saylovoldi kampaniyasi davrida nomzodlar o‘z pozitsiyalarini Amerika xalqiga aniq-ravshan yetkazish uchun yetarlicha imkoniyatga ega bo‘ldi. Ichki va tashqi siyosatda kim qanday takliflarni ilgari surayotgani haqida tasavvur shakllanib ulgurdi. Bu yog‘i endi saylovchilarga havola.
So‘nggi so‘rovnomalar nomzodlar o‘rtasidagi farq minimal darajada ekanini ko‘rsatmoqda. Shunday bo‘lsa-da, Trampning shtabi, bordi-yu g‘alabani demokratlar ilib ketsa, qanday yo‘l tutish haqida oldindan rejalar tuzyapti. Avvalo sudga murojaat qilinadi, keyin Kongressga apellyatsiya beriladi. Bu borada respublikachilarning nomzodi katta tajribaga ega.

U 2020-yildagi saylovlarda Jo Baydenga yutqazib qo‘ygandan keyin raqiblari ustidan sudga shikoyat qilgan, matbuotda katta janjallar ko‘targan edi. Kapitoliyni ishg‘ol qilish bilan bog‘liq mojaro hali hech kimning yodidan ko‘tarilgani yo‘q.

Garchi oradan o‘tgan to‘rt yil davomida Tramp bironta sudda ovozlarni hisoblash natijalari soxtalashtirilganini isbotlab bera olmagan bo‘lsa-da, baribir o‘sha saylovlarda o‘zini g‘olib chiqqan deb hisoblaydi. Demak, oldinda bizni qarama-qarshiliklarga boy saylovoldi jarayonlari bilan birga, ovoz berishdan keyingi qiziqarli voqealar ham kutib turgan bo‘lishi mumkin.

Toshkentdanman. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek tili fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2024-yildan beri Layfstayl bo‘limida muxbir lavozimida ishlayman va maqolalar hamda videomateriallar tayyorlayman. Har yili ispan kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan “Невидимый гость” (“Ko‘rinmas mehmon”) filmni kamida ikki marta qayta tomosha qilaman. Imom al-Buxoriy haqidagi “Sohilsiz dengiz” kitobi yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar