Daryo

Isroil Eronga hujum qilishiga oid maxfiy ma’lumotlar tarmoqqa sizdirildi 

“O‘ta maxfiy” deb tasniflangan hujjatni beshta davlat razvedkasi ko‘rishi mumkin bo‘lgan. AQSH tergov boshladi

1 daqiqa o‘qish29 784 ko‘rishlar0 izoh0

Isroil Eronga qarshi javob zarbasiga tayyorgarlik ko‘rayotganiga oid maxfiy ma’lumotlar tarmoqlarga sizdirildi. Holat yuzasidan AQSH tergov boshladi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, CNN xabar berdi.

Illyustrativ foto: ChatGPT

15 va 16-oktyabr sanalari bilan belgilangan hujjatlar 18-oktyabrda internetda tarqala boshlagan. Ular birinchi marta Middle East Spectator Telegram kanali tomonidan e’lon qilingan. Qog‘ozlar “o‘ta maxfiy” deb tasniflangan, ularni faqat AQSH va uning “Besh ko‘z” ittifoqchilari — Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya va Buyuk Britaniya ko‘rishi mumkin.

Hujjatlarda Isroilning Eronga qarshi javob zarbasi berish uchun olib borayotgan tayyorgarligi haqida ma’lumot berilgan. U Milliy geofazoviy razvedka agentligi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, unda Isroil o‘qlarni tashish rejalarini tuzayotgani aytilgan.

Boshqa bir hujjatdagi ma’lumotlar esa Milliy xavfsizlik agentligidan olingan. Unda Isroil harbiy-havo kuchlarining “havo-yer” toifasidagi raketalar bilan o‘tkazilgan mashqlari tasvirlangan. Hujjatlarni tarqatganlar bu Isroilning Eronga qarshi zarba berishga tayyorgarligining bir qismi bo‘lishi mumkinligini istisno etmagan.

AQSH olib borayotgan tergov doirasida, Pentagondan chiqqan deb taxmin qilinayotgan hujjatga kimlar kirish huquqiga ega bo‘lgani tekshirilmoqda. Har qanday axborot sizib chiqishi avtomatik ravishda Federal qidiruv byurosi, Pentagon va AQSH razvedka xizmatlari tomonidan birgalikda tergov o‘tkazilishiga olib keladi.

Eron 1-oktyabr kuni Isroilga keng ko‘lamli raketa hujumini amalga oshirdi. Bu Isroilning Bayrutga hujumi oqibatida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi general-mayori Abbos Nilforushon va “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘limidan keyin sodir bo‘ldi. Isroil mudofaa armiyasi Eron hujumidan so‘ng “jiddiy va ahamiyatli” javob berishni va’da qildi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar