Yaqin Sharq Isroil va Eron o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat va qurolli mojarolar markaziga aylandi. Ayni paytda mintaqa Suriya, Livan, Falastin va Yaman orasidagi kuchayib borayotgan ziddiyatni boshdan kechirmoqda, bu esa Eron va Isroil o’rtasida raqobat kuchayishiga ishora qilmoqda.
Kelishmovchiliklar Eronning 2024-yil 1-oktyabrda Isroilga raketa hujumi bilan boshlandi. Raketa zarbalari va “Sodiq-2” operatsiyasi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) general-mayori Husayn Salamiy boshchiligida amalga oshirildi. Bu voqea Yaqin Sharq geosiyosiy landshaftida muhim o‘zgarishlarga sabab bo’lib, nafaqat Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo, balki Markaziy Osiyo uchun muammo tug’dirishi kutilmoqda.
Xavfli tus olayotgan vaziyat Markaziy Osiyo davlatlaridan mudofaaviy xatarlar, o‘zgaruvchan ittifoqlar va iqtisodiy muammolarning murakkab muhitida yanada e’tiborli bo’lishni talab etadi.
Ballistik raketa hujumi uzoq davom etgan tushunmovchiliklar, strategik raqobat va murakkab ittifoqlar natijasida shakllangan keng ko‘lamli mojaroning bir qismidir. Vaziyat keskilashib borar ekan, uning oqibatlari bevosita mintaqaviy davlatlar chegarasini oshib o’tib, Markaziy Osiyo davlatlariga geosiyosiy, mudofaa va iqtisodiy ta’sir ko’rsatishi muqarrar. Bularning barchasini chuqurroq anglab yetish siyosatchilar, olimlar va harbiy tahlilchilar uchun juda muhim, chunki ko‘p qutbli dunyoda xalqaro munosabatlar juda murakkab.
Markaziy Osiyo davlatlari Eron va Isroil bilan diplomatiya, xavfsizlik va savdo kabi sohalarda turli aloqalar o’rnatgan. Ekstremizmga qarshi kurash, mudofaa texnologiyalarini rivojlantirish hamda kiberxavfsizlik imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan hamkorlik Markaziy Osiyo davlatiga Eron-Isroil mojarosida betaraf qolish imkonini beradi.
Bundan tashqari, ushbu mamlakatlar Yaqin Sharqda uzoq muddatli barqarorlik va tinchlik sa’y-harakatlariga hissa qo‘shish imkoniyatiga ega. Betaraflikdan voz kechish yoki mojaroda tarafkashlik ularning mintaqadagi ta’siri va rolini pasaytirishi mumkin. 2024-yil 1-oktyabrda Eron tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumining ta’siri va uning Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi oqibatlarini o‘rganishdan oldin, avvalo, Eron va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarning tarixiy konteksti haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
Tarixda Eron-Isroil munosabatlari
Eron va Isroil o‘rtasidagi uzoq yillik adovat mafkuraviy (diniy ekstremizm va demokratiyaga qarshilik), siyosiy va geosiyosiy mojarolarga asoslangan. Pahlaviy monarxiyasining ag‘darilishiga sabab bo’lgan 1979-yilgi Eron inqilobidan so‘ng, Eron Isroilning ashaddiy raqibi va mintaqaviy dushmaniga aylanib, G‘arb imperializmiga qarshilik ko‘rsatishda yetakchilik qilib keldi. Eronning turli jihod guruhlarga, ayniqsa Islom inqilobiy gvardiyasi korpusi (IRGC) homiyligidagi harbiy bo‘linmalarga ko‘rsatgan yordami, uning Isroil ta’siriga qarshi kurashuvchi asosiy kuch sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Bu guruhlardan ba’zilari Livandagi “Hizbulloh”, G‘azodagi HAMAS, Suriyadagi “Liva Fotimiyun” va Yamandagi “Ansar Alloh” husiylardir. Shu tariqa, yillar davomida sodir bo‘lgan bir qancha yirik voqealar Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyatni kuchaytirdi.
1: 1982-yil Livan urushi: Isroilning Livanga bostirib kirishi sifatida tanilgan mojaro Falastin Ozodlik Tashkilotini (PLO) parchalashga qaratilgan, ammo buning o‘rniga Eron tomonidan kuchli qo‘llab-quvvatlanadigan “Hizbulloh” guruhi paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu ikki xalq o‘rtasida uzoq davom etgan proksi mojarosining boshlanishi edi.
2: Eronning yadro strategiyasi: Eronning yadroviy ambitsiyalari, dastlab 1950-yillarda AQSH ko‘magida “Tinchlik uchun atomlar” dasturi doirasida boshlangan, global, xususan, Eron va G‘arb o‘rtasidagi keskinlikning asosiy manbai bo‘lgan. 1979-yilgi inqilobdan keyin yadroviy rivojlanish bo‘yicha hamkorlik to‘xtatildi va Eron o‘z dasturini yashirincha davom ettirdi. Isroil Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishi istiqbolini jiddiy ekzistensial tahdid sifatida ko‘radi va Eronning bunday qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro harakatlarni talab qiladi. Uranning doimiy boyitilishi va Eronning maxfiy faoliyati AQSH va Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) tomonidan doimiy kuzatuvga turtki bo‘ldi, ular Eronning yadroviy salohiyatga erishishiga to‘sqinlik qilishga va shu bilan mintaqada Isroilga tobora kuchayib borayotgan tahdidga qarshi turishga harakat qildi.
3: Mintaqadagi boshqa urushlar: Eronning Yaqin Sharq mojarolarida, xususan, Suriyadagi fuqarolar urushida ishtirok etishi va Iroqdagi shia jangchilarini qo‘llab-quvvatlashi Isroil bilan munosabatlarni yanada murakkablashtirdi. Bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarshiliklarga, ya’ni Eronning raketa hujumlariga sabab bo’ldi. Eronning Isroil taʼsiriga qarshi turish uchun sodiq harbiylaridan foydalanish strategiyasi uzoq davom etgan mazhabiy urushlarga olib keldi. Ushbu urush Markaziy Osiyo va undan tashqarida diplomatik, mudofaaviy va iqtisodiy beqarorlik hamda Yevropaga migratsiya oqimini kuchaytirishga sabab bo’ldi.
Eron va Isroil o‘rtasidagi mafkuraviy, strategik va harbiy raqobat natijasida Yaqin Sharqdagi geosiyosiy holat xatarli tus olmoqda va uning oqibatlari faqatgina to‘qnashuv zonasi chegaralarida ichida qolmasligi muqarrar. Bu uzoq davom etgan adovat nafaqat mintaqaviy xavfsizlikka, balki iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar va migratsiya harakatlariga ta’sir qiladi. Bu esa aholini Yevropadan boshpana izlashga undaydi. Isroilga uyushtirilgan raketa hujumlari va tegishli ritorika Markaziy Osiyo mamlakatlariga diplomatik, xavfsizlik va iqtisodiy jihatdan salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan harbiy qarama-qarshiliklarni anglatadi. Markaziy Osiyoning geosiyosiy landshaftiga ehtimoliy ta’sirlar quyidagi jabhalarda namoyon bo‘lishi mumkin.
a: Ittifoqlarni qayta ko’rib chiqish
— Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat Markaziy Osiyo davlatlari, masalan, Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonni o’z pozitsiyalarini qayta ko‘rib chiqishga undashi mumkin. Chunki Eron mintaqaviy kuch sifatida IRGC boshchiligidagi turli jihodchi guruhlar va jangchilarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu esa manfaatlarini Eron ekspansionizmidan himoya qilmoqchi bo’lgan Markaziy Osiyo davlatlarini G‘arb kuchlari, xususan, AQShga olib boradi.
— AQSH Eron ta’sirini muvozanatlash uchun Markaziy Osiyo davlatlari bilan diplomatik va harbiy aloqalarni kuchaytirishi mumkin. Bu esa kuchli harbiy hamkorlik hamda razvedka maʼlumotlarini almashish bo‘yicha kelishuvlar tuzilishiga olib keladi.
— Boshqa tomondan, Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlashda muhim rol o‘ynagan Rossiya bu davlatlar bilan harbiy va iqtisodiy aloqalarini chuqurlashtirishi, ularni o‘z ta’sir doirasida saqlab qolishga intilishi mumkin. Biroq Eronning o’sib borayotgan ta’siri Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi munosabatlarni murakkablashtirishi mumkin.
b: Mudofaa asoslari
— Yaqin Sharqda hukm surayotgan ziddiyatli vaziyatda, Markaziy Osiyo davlatlari yangi mudofaa asoslarini yaratishga intilishi mumkin. Rossiya boshchiligidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) Eron yoki Afg‘onistondan kelayotgan tashqi tahdidlar kuchaygani sababli o‘zining harbiy ehtiyojlarini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
— Shuningdek, “Tolibon” va Eron o‘rtasidagi aloqalar, jumladan, Afg‘onistondagi beqarorlik va ekstremistik tahdidlarni Markaziy Osiyoga yoyishi mumkin bo'lgan potensial harbiy hamkorlik haqida ham xavotirlar mavjud. “Al-Qoida”, Sharqiy Turkiston islomiy harakati, O‘zbekiston Islomiy harakati va IShID kabi guruhlarning ta'siri ortib borayotgani Yaqin Sharq mojarolari fonida mintaqa uchun haqiqiy xavf tug‘diradi.
c: Mintaqaviy mudofaa tashabbuslari
— Markaziy Osiyo davlatlari tashqi tahdidlar va ichki beqarorlik borasida himoya choralarini ko’rishi uchun qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar yoki ikki tomonlama xavfsizlik kelishuvlariga, harbiy tayyorgarlik va barqarorlikni saqlab qolishga qaratilgan tashabbuslarga qo’l urishi mumkin.
— Eron jihodchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotganini hisobga olsak, Markaziy Osiyo davlatlari ekstremistik tashkilotlar tomonidan kuchayib borayotgan tahdidni bartaraf etishda mintaqaviy va global kuchlar bilan hamkorlik qilib, terrorizmga qarshi kurash tashabbuslariga alohida ahamiyat berishi mumkin.
d: Markaziy Osiyoda ekstremizm tahdidi
— Eron-Isroil mojarosi Markaziy Osiyo mudofaasiga bevosita ta’sir qiladi. Eronning “Hizbulloh”, HAMAS va Ansar-Alloh husiylar kabi kuchlardan foydalanishi Isroilning ISHID va ETIM kabi jangari guruhlarni qo'llab-quvvatlayotganiga qarshi muvozanat bo‘lib xizmat qiladi. Bu mojarolar mazhablararo va mafkuraviy ziddiyatlarga (shia sunniylarga, musulmon esa yahudiylarga qarshi) hissa qo‘shib, Markaziy Osiyo ham ta’sir ko’rsatadi.
— Markaziy Osiyodagi ekstremistik guruhlar Erondagi urushdan ilhomlanib, mintaqa hukumatini beqarorlashtirishga qaratilgan operativ faoliyatni boshlashi mumkin.
Markaziy Osiyo uchun asosiy muammolar
- Ekstremistik guruhlar
Markaziy Osiyoda faoliyat yuritayotgan ekstremistik guruhlar Eronning assimetrik urush taktikasi bilan yanada kuchayishi mumkin. Bu esa mahalliy hukumatlarga qarshi yanada murakkab operatsion rejalashtirish kabilarga olib kelishi mumkin.
- Afg‘onistondagi beqaror vaziyat
— “Tolibonl harakatining qayta tiklanishi va uning Eron bilan potensial aloqalari Markaziy Osiyo davlatlari uchun ikki tomonlama tahdiddir. Bu zo‘ravonlikning tarqalishiga sabab bo’lishi va Afg‘oniston chegaralaridan tashqarida notinch vaziyatni keltirib chiqarishi mumkin.
— O‘sib borayotgan mudofaaviy xavotirlariga javoban, Markaziy Osiyo davlatlari o‘z chegaralarini, ayniqsa Afg‘oniston va Eron bilan chegaradosh hududlarni harbiylashtirishga ustuvor ahamiyat berishi mumkin.
- Harbiy xarajatlarning o‘sishi
— Markaziy Osiyo davlatlari chegara xavfsizligini mustahkamlash va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan jangchilar yoki Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ekstremistik tashkilotlar tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga javob berish uchun harbiy byudjetlariga ko‘proq mablag‘ ajratishi mumkin.
- Chegara xavfsizlida maxsus chora-tadbirlar
— Kuzatuv texnologiyalari va chegara nazoratini kuchaytirish ekstremizm tarqalishining oldini olishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo davlatlari ham o‘zlarining harbiy imkoniyatlarini yaxshilash uchun razvedka ma’lumotlarini almashish bo‘yicha kelishuvlarni imzolashi mumkin. Ekstremizm tahdidining kuchayishi Markaziy Osiyoda mintaqaviy tinchlik uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.
Eron-Isroil ziddiyatlari kuchayib borayotgan bir paytda ushbu muammolarni tushunish va hal qilish diplomatiya, xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurashda muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni talab qiladi.
Savdo yo’llarining buzilishi
Eron-Isroil mojarosi mavjud savdo yo‘laklarini buzishi G‘arb va Yaqin Sharq bozorlariga tayanadigan Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotiga ta’sir qiladi. Asosiy xavotirlardan biri bu Xitoyning “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusiga (BRI) bilan bog’liq bo’lib, global iqtisodiy loyiha Yaqin Sharqdagi mojarolar paytida mintaqaviy xavfsizlik borasida muhim muammolarga duch kelishi mumkin.
Pokistonning Balujiston viloyatida, ya’ni Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorida (CPEC) joylashgan BRI savdo yo’li ham shunga o’xshash muammolarga duch kelishi ehtimoldan holi emas. “Makon” Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘tgan qadimiy savdo yo‘llari, “Yo‘l” Janubi-Sharqiy Osiyo orqali Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrikaga boradigan dengiz yo‘llaridir. Markaziy Osiyo “Bir makon, bir yo‘l" loyihasining quruqlik qismida, ayniqsa Xitoyni Yevropa bilan bog‘laydigan hududni o‘z ichiga olgan “Makon” qismida muhim ahamiyatga ega.
Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bo‘yicha asosiy hamkorlar qatoriga Markaziy Osiyodagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston kiradi. Tashabbus energetika va transport loyihalariga katta sarmoya kiritgan holda Osiyo bo‘ylab iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va quvurlar kabi infratuzilmani rivojlantirishga intiladi.
Biroq, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyoda urushlar va jangari ekstremizm davom etsa, bu muammolar Markaziy Osiyoga tarqalib, mintaqada BRI loyihasini amalga oshirish katta muammoga aylanadi. Bu quyidagi omillarga ta'sir ko‘rsatishi mumkin:
1: Savdo yo‘lida barqarorlik: Markaziy Osiyoni jahon bozorlari bilan bog‘laydigan asosiy transport yo‘lagi ehtimoliy harbiy harakatlar yoki mintaqaviy taranglikning kuchayishi tufayli xavfli tus olishi mumkin.
2: Energetika sektori: Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa Qozog‘iston va Turkmaniston iqtisodi energiya eksportiga tayanadi. Savdo yo‘llaridagi uzilishlar yoki mintaqaviy beqarorlikning kuchayishi elektr energiyasiga bo‘lgan talabni pasaytirishi va milliy daromadlarga zarar yetkazishi mumkin.
Eron-Isroil mojarosi va Markaziy Osiyoning Yaqin Sharq inqiroziga munosabati
Eron-Isroil mojarosi va Yaqin Sharqdagi inqirozga Markaziy Osiyo davlatlarining munosabatini tahlil qilishdan avval, Eron va Isroilning Markaziy Osiyodagi iqtisodiy, xavfsizlik va geosiyosiy ishtiroki haqida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
Eron va Markaziy Osiyo
Eronning Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy, harbiy va iqtisodiy aloqalari so‘nggi yillarda strategik hamkorlik, infratuzilma loyihalari va mushtarak geosiyosiy manfaatlar orqali shakllanib bormoqda.
Iqtisodiy aloqalar: Eron Markaziy Osiyoda savdo va infratuzilma aloqalarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi. “Shimol-Janub” xalqaro transport yo‘lagi (INSTC) va (Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron temir yo‘li) kabi loyihalar Markaziy Osiyo va xalqaro bozorlar o‘rtasida yuk tashishni osonlashtiradi.
Eronning (Chobahor porti) ham O‘zbekiston va Tojikiston kabi mamlakatlarning dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishini taʼminlash, ularning savdo salohiyatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. 2023-yilga kelib Eronning Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) aʼzolari, jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi faqat yilning birinchi yarmida 21 milliard dollardan oshdi. Bu esa Eronning G‘arb sanksiyalariga javoban iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish strategiyasini aks ettiradi.
Siyosiy va harbiy aloqalar: Eronning Markaziy Osiyo bilan aloqalari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) orqali mustahkamlanib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston kabi davlatlar bilan terrorizmga qarshi kurash, mintaqaviy xavfsizlik va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkonini beradi. Eron mintaqaviy xavfsizlik sohasida aloqalarni yaxshilash uchun Qirg‘iziston-Eron temir yo‘li kabi loyihalarda ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Eronning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishi Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirdi. Siyosiy jihatdan Eron bu munosabatlarni kengaytirish tarafdori bo’lib, Tojikistondagi energetika loyihalariga sarmoya kiritish va mintaqaviy rivojlanish rejalari bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor. Umuman olganda, Eronning Markaziy Osiyo bilan aloqalari iqtisodiy loyihalar va INSTC kabi geosiyosiy tashabbuslar orqali siyosiy va harbiy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan.
Isroil va Markaziy Osiyo
Isroilning Markaziy Osiyo bilan siyosiy, harbiy va iqtisodiy aloqalari 1990-yillardan buyon barqaror rivojlanib, so‘nggi yillarda sezilarli darajada o‘sdi.
— Siyosiy aloqalar: Isroil Markaziy Osiyoning beshta davlati: Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. Bu munosabatlar mintaqa uchun umumiy xavf bo’lgan ekstremizm haqidagi umumiy xavotirlar asosida qurilgan. Isroil terrorizmga qarshi kurash va razvedka ma’lumotlarini almashish bo‘yicha hamkorlik taklif etib, ushbu mamlakatlar uchun qimmatli hamkorga aylandi. Barqarorlikni saqlash va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik Isroil va Markaziy Osiyo o‘rtasida diplomatik va xavfsizlik sohasida yaqin hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qildi.
Harbiy va mudofaa sohasida hamkorlik: Isroil Markaziy Osiyo davlatlariga, ayniqsa, xavfsizlik sohasida harbiy va texnik yordam ko‘rsatdi. Masalan, 2020-yilgi Tog‘li Qorabog‘ mojarosi vaqtida Isroilning Ozarbayjonga qurol sotishi mintaqa bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamladi. Isroilning ilg‘or mudofaaviy texnologiyalari va kiberxavfsizlik borasidagi tajribalari Markaziy Osiyo hukumatlari uchun ham foydali bo’lib, ular buni ichki va mintaqaviy xavfsizlik tahdidlariga qarshi kurashda muhim vosita deb biladi.
Bundan tashqari, razvedka ma’lumotlarini almashish va terrorizmga qarshi hamkorlik Isroil, O‘zbekiston, Qozog‘iston kabi davlatlar o‘rtasidagi harbiy aloqalarni mustahkamladi.
-Iqtisodiy va savdo kelishuvlari: Isroil ham Markaziy Osiyo bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qildi. Jumladan, Qozog‘iston va Isroil o‘zaro savdo va investitsiyalar, xususan, qishloq xo‘jaligi, suv texnologiyalari va energetika sohalarida hamkorlik qilmoqda. Isroilning suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasidagi tajribasi suv tanqisligi muammosiga duch kelayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun alohida ahamiyatga ega. Isroil va bu davlatlar o‘rtasida erkin savdo bitimlarini kengaytirish, har ikki tomon uchun iqtisodiy manfaatlar va’da qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Xulosa
Eron-Isroil mojarosi davom etayotgan va Yaqin Sharqdagi keng ko‘lamli inqirozlar sharoitida, Markaziy Osiyo mamlakatlari, ehtimol, muvozanatli diplomatik sa’y-harakatlarni hisobga olgan holda, diplomatik yondashuvni tanlashlari mumkin. Markaziy Osiyo davlatlari o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida G‘arb va Sharq davlatlari bilan aloqalarini saqlab qolgan holda betaraf pozitsiyani ushlab turishga harakat qilishlari ehtimoldan xoli emas.
Markaziy Osiyo davlatlari Eron-Isroil mojarosining kengayishi bilan bog‘liq xavotirlarni kamaytirish va barqarorlikni ta’minlash, ayniqsa Afg‘oniston masalasida, mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishlari ehtimolga yaqin. Bu orqali ular mintaqada tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shishlari mumkin.
Muallif: Ajmal Sohail
Ajmal Sohail Niderlandiyaning Leyden universiteti va AQSHning Merilend universiteti terrorizm va ekstremizm bo’limi bitiruvchisi; ayni paytda razvedka bo'yicha tahlilchi va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ekspert. Siyosiy rasmiylar bilan maxsus aloqalar unga Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalaridagi o‘ta murakkab geosiyosiy vaziyat haqida ma‘lumot olishga imkon beradi. Germaniyaning Narkoterrorizmga qarshi kurash alyansi asoschisi va hamraisi bo‘lib, razvedka va terrorizmga qarshi portfellarini boshqaradi. Uning tahlillari muntazam ravishda turli xalqaro axborot vositalarida namoyish etiladi.








