Xorazm va Namangan viloyatlarida noqonuniy yo‘llar bilan o‘qishga kiritib qo‘yishni vaʼda qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Qayd etilishicha, departament hamda DXXning Namangan viloyati boshqarmalari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda O.U. ismli shaxs fuqaro A.N.ni tanishlari yordamida Namangan muhandislik-qurilish institutining “Informatika” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 1,5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, departamentning Yangibozor tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.M. ikki nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni 3 ming dollar evaziga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida IIV akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, oldindan 1,4 ming dollar va 1,2 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
- Bundan oldin Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida o‘qishni ko‘chirib berish bilan bog‘liq firibgarlik holatlariga chek qo‘yilgandi.
- Shuningdek, O‘zbekistonning qator hududlarida o‘qishga kiritib qo‘yish uchun pul olgan OTM xodimlari qo‘lga tushgan edi.
Izoh (0)