Daryo

Tarmoqlarda charxpalakka chiqib, undan tushib ketishdan qo‘rqayotgan qiz videosi tarqaldi (video)

Internet foydalanuvchilari mazkur charxpalak Andijon shahridagi “Bog‘ishamol” istirohat bog‘ida joylashganini taxmin qilmoqda

1 daqiqa o‘qish34 257 ko‘rishlar0 izoh0

Telegram’da “O‘zbekistondagi eng dahshatli attraksion” deb nomlangan video tarqalmoqda. Unda qo‘rquvdan titrayotgan qizning charxpalak yuqorisida o‘tirgani, charxpalak trubalari skotchlangani, tros uzilib ketishi mumkinligi aytilgan. “Daryo” ushbu holat qayerda sodir bo‘lganini bilish maqsadida Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi mas’ullari bilan bog‘landi.

Ular hozircha bu attraksion aynan qaysi hududda joylashganidan bexabarligini, videoni endi ko‘rganini aytdi. Tarmoq foydalanuvchilari esa mazkur charxpalak Andijon shahridagi “Bog‘ishamol” parkida joylashganini taxmin qilmoqda. 

Fotokollaj: “Daryo”

Tog‘-kon, geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasining vodiy viloyatlari bo‘yicha vakili Doniyor Omonqulovning “Daryo”ga bildirishicha, videodagi charxpalak “Bog‘ishamol” parkidagi attraksion bo‘lsa, mazkur istirohat bog‘idagi hech qaysi attraksion texnik ko‘rikdan o‘tmagan. 

Vodiyning 3 ta viloyatida 38 ta istirohat bog‘i bor. Men uchta viloyat uchun javobgarman. Respublikadan uchta viloyat uchun biriktirilgan mas’ulman. Hozir Andijondagi mazkur parkka yo‘l oldim, vaziyatni aniqlashtirib xabar beramiz, — deydi Doniyor Omonqulov. 

Mas’ulga ko‘ra, joriy mavsum boshida Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi mavjud istirohat bog‘laridagi attraksionlarning deyarli barchasi texnik ko‘rikdan o‘tgan. Faqatgina Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 60 foizga yetgan. 

Ushbu viloyatdagi 40 foiz bog‘da joylashgan attraksionlarning hech biri texnik ko‘rikdan o‘tmagan, — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, “Daryo”ning 2023-yil mavsumi boshidagi o‘rganishlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi mavjud 143 ta istirohat bog‘ida joylashgan 1845 ta attraksionning atigi 5-6 foizi texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan bo‘lib, foydalanish uchun xavfsiz degan xulosa berilgan. Qolgan attraksionlarning texnik holati noma’lum. Joriy mavsumda bu holat qanday ekani hozircha noma’lum.

Qashqadaryodanman. 2012-yil O‘zMUning jurnalistika fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2018-yildan beri ishlayman. Yoqtirgan kino va filmlarim ko‘p, ammo ular orasida “Jigar” bo‘lakcha. Kitoblardan esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar asari yoqadi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar