Daryo

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish yana kechiktirildi

Statistika agentligi ushbu tadbirning moliyaviy masalalari ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi

2 daqiqa o‘qish16 344 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish 2023-yilning 1–25-noyabrida o‘tkazilishi belgilangandi. Statistika agentligi ayni paytda ushbu tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy masalalar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Prezidentning 2019-yil 5-fevraldagi farmoniga muvofiq, respublikada aholini ro‘yxatga olish tadbirini 2022-yilda o‘tkazish belgilangan edi. 2020-yil 16-martda “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi sababli ushbu tadbirni o‘tkazish 2023-yilga ko‘chirilgandi.

Agentlik xabarida qayd etilishicha, aholini ro‘yxatga olishga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida sohani tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy va uslubiy hujjatlar hamda ro‘yxatga olish savolnomalari shakllari ishlab chiqildi, aholini ro‘yxatga olishning maxsus veb-sayti — aholi.stat.uz joriy qilindi, tadbirning logotipi va shiori (“Yangi O‘zbekistonning bir qismi bo‘l!”) tayyorlandi, aholini ro‘yxatga olishning birlamchi maʼlumotlarini yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va natijalarini shakllantirish imkonini beruvchi “Aholini ro‘yxatga olish” axborot tizimi ishlab chiqildi. Shuningdek, respublikamizdagi barcha mahallalarning sxematik xaritalari yangilanib, aholi yashaydigan turar va noturar joylar ro‘yxati tuzib chiqildi.

2021-yil 1—25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi. Ro‘yxatga olish jarayonlari uch xil usulda o‘tkazilib, internet tarmog‘i orqali, planshet va qog‘oz usullarida ro‘yxatga olish jarayonlari sinovdan o‘tkazildi.

Sinov jarayonlarida planshet usulida aholini ro‘yxatga olish qog‘oz usuliga nisbatan qulayligi, tezkorligi va iqtisodiy jihatdan samaraliroq ekanini ko‘rsatdi. Sinov natijalari va ilg‘or davlatlar tajribalari asosida ro‘yxatga olish jarayonlarini qog‘oz usulidan voz kechib, internet tarmog‘i orqali va planshet qurilmalaridan keng foydalangan holda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

“Shu bilan birga, ushbu tadbirni o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar o‘rganib chiqilayotganligini inobatga olib, yakuniy qaror qabul qilingandan so‘ng agentlik tomonidan qo‘shimcha axborot berilishini maʼlum qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Shavkat Mirziyoyev 2020-yilning iyunida milliy statistika sohasini takomillashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda O‘zbekistonda mustaqillik yillarida mamlakatda aholini ro‘yxatga olish o‘tkazilmaganini ta’kidlangandi.

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar