Qamchiq dovonidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida harakat qisqa muddatga cheklandi. Bu haqda IIV YHXX axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 26-iyul kuni Mudofaa hamda Favqulodda vaziyatlar vazirliklari tomonidan rejali o‘quv mashg‘uloti o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan xalqaro ahamiyatdagi A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismida (260-kilometrida) transport vositalarining harakati soat 10:00 dan vaqtincha, qisqa muddatga cheklandi.
“Haydovchilardan tartibga soluvchilarning ishoralariga rioya etishlarini so‘raymiz”, — deyiladi xabarda.
Qamchiq dovonida bir kunda — 24-iyul kuni yuk mashinalari bilan bog‘liq ikkita avtohalokat sodir bo‘lgandi. Undan oldinroq esa Qamchiqda Toshkent—Vodiy yo‘nalishida harakatlangan yuk avtomobili ag‘darilib ketgani, iyul boshlarida bo‘lsa Qamchiq dovonida ikki ayol sel oqizib ketishidan halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)