Daryo

Messi “PSJ” bilan shartnomani bekor qilishi mumkin. Unga 3 xil jamoadan qiziqish bor

Futbolchi bo‘lgan voqealardan keyin Parijga qaytmoqchi emas

2 daqiqa o‘qish20 410 ko‘rishlar0 izoh0

Hujumchi Lionel Messi va “PSJ” klubi o‘rtasidagi munosabatlar tarang bo‘lib turibdi.

Mojaroga sabab bo‘lgan holat haqida

Messi Liga 1 doirasidagi mag‘lubiyatdan keyin Saudiya Arabistoniga ketib qoldi va bu “PSJ” rahbariyatiga yoqmadi. Argentinalik hujumchi “PSJ”ning o‘yin va mashg‘ulotlaridan 2 haftaga chetlatildi.

Foto: Instagram

Messi Saudiya Arabistonida turizm bo‘yicha elchi hisoblanadi. Uning ruxsat so‘ramasdan Saudiyaga ketib qolgani “PSJ”ning qatarlik egalariga yoqmagani va diskvalifikatsiya siyosiy vaziyat bilan bog‘liqligi aytildi.

Messi Parijda yozgacha qolmasligi mumkin

L’Equipe nashrining xabar qilishicha, argentinalik futbolchi Parij klubining ushbu qaroridan keyin “PSJ”ga qaytishni istamayapti.

Messi yaqin kunlarda shartnomani bekor qilish borasida “PSJ” rahbariyatiga so‘rov yuborishi mumkin, deya xabar qilmoqda “Chempionat” Le Parisien nashriga tayanib.

Klubning munosabatidan tashqari “PSJ” muxlislarining harakati ham Leoga yoqmayapti. Avvalroq parijlik ishqibozlar klub ofisi yonida norozilik namoyishi o‘tkazgan va unda Messini haqorat qilgandi.

Foto: Getty Images

Biroq klub bu masala haqida o‘ylamayapti. Agar Messi “PSJ”ni tark etmoqchi bo‘lsa, birinchi bo‘lib qadam tashlashi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari Parij jamoasi ustozi Kristof Galte futbolchining safga qaytishini istamoqda.

Takliflar

Reuters xabariga ko‘ra, Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi 35 yoshli futbolchiga rasmiy taklif yuborgan. Avvalroq berilgan xabarlarda Messi arab diyorida yiliga 400 million yevro maosh olishi mumkinligi aytilgandi.

Futbolchining o‘zi uchun “Barselona”ga qaytish rejasi prioritetda turibdi, deyiladi RMC Sport xabarida. Messi katalon klubiga qaytish uchun hozirgi maoshining uch barobar kamayishiga ham rozi — 30 milliondan 10 million yevroga.

“Barselona” rahbariyati ham moliyaviy muammolarga qaramay, Leo transferini amalga oshirishga ishonmoqda. Biroq buning uchun klub La Liga ruxsatini olishi kerak bo‘ladi.

Janluka di Marsioning xabar qilishicha, Messiga AQSHning “Inter Mayami” klubidan qiziqish bor. Futbolchining otasi Xorxe Messi yaqin orada mayamiliklar bilan muzokara olib boradi.

35 yoshli futbolchi Fransiya chempionatining joriy mavsumida 28 ta o‘yin o‘tkazib, 15 tadan gol va golli uzatma muallifiga aylandi.

Telegram kanal@Daryo_Sport24Obuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar