Daryo

O‘zbekiston koinotga kichik sun’iy yo‘ldosh uchirishi mumkin 

“O‘zbekkosmos” loyihaning mahalliy mutaxassislar guruhi tomonidan amalga oshirilishini ma’lum qildi

1 daqiqa o‘qish19 318 ko‘rishlar0 izoh0

O‘zbekiston koinotga kubsat (kichik kub shaklidagi) sun’iy yo‘ldosh yuborishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida 26-aprel kuni bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo Koinot texnologiyalari konferensiyasida aytib o‘tildi, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Tadbirda dunyoning 25 ta davlatidan 150 ta kompaniya, 250 dan ortiq mutaxassis ishtirok etdi. Jumladan, Turksat (Turkiya), Contec (Janubiy Koreya), Maxar (AQSH) vakillari qatnashdi.

“Bugungi kunda kosmik texnologiyalar iqtisodiyot, tadqiqot va ma’lumotlar tahlili uchun yangi yechimlarga yo‘naltirilgan. Bizning vazifamiz — O‘zbekistonni jahon hamjamiyatiga keng jalb etish”, — dedi “O‘zbekkosmos” kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bosh direktori Shuhrat Qodirov. 

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Konferensiyada xalqaro hamkorlik va sarmoya, yangi sunʼiy yo‘ldosh texnologiyalari, xavfsizlik, moliya, kosmik sohani tartibga solish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Biz hamkasblarimiz bilan koinotning dolzarb muammolari, shu bilan birga, turli sohalarda: qishloq xo‘jaligi, iqlim o‘zgarishi, milliy xavfsizlik va mamlakat tabiiy resurslari bo‘yicha hukumatni qo‘llab-quvvatlashda eng yangi texnologiyalardan qanday foydalanish mumkinligini batafsil muhokama qildik. Markaziy Osiyo strategik joylashuvi, tabiiy resurslari va rivojlanayotgan iqtisodiyoti tufayli jahon kosmik texnologiyalar bozorida salmoqli salohiyatga ega”, — deya aytib o‘tdi Esri (AQSH) xalqaro strategiyasi direktori Sohail El Abd.

Foto: Raqamli texnologiyalar vazirligi

Konferensiya doirasida, shuningdek, O‘zbekiston kubsat sun’iy yo‘ldoshini jo‘natishi ma’lum qilindi. Loyihani amalga oshirishga tayyorgarlik ishlari 2023-yildan boshlanadi. “O‘zbekkosmos” agentligi va Innovatsion rivojlanish agentligi o‘rtasida bu bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Agentlik vakillarining so‘zlariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshlar yosh mutaxassislar guruhi tomonidan loyihalashtiriladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar