Daryo

Shavkat Mirziyoyev Ostonadagi “muloqot forumi”da nutq so‘zlaydi

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitida 12 ta davlat rahbarlari qatnashishi kutilmoqda

1 daqiqa o‘qish15 028 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev 13-14-oktabr kunlari Qozog‘istonda o‘tkaziladigan xalqaro sammitlarda ishtirok etishi haqida xabar berilgan edi. Davlat rahbari Ostonada bo‘lib o‘tadigan “muloqot forumi”da nutq so‘zlaydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ta’kidlanishicha, ulardan biri Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammiti — mintaqa mamlakatlari o‘rtasida “muloqot forumi” sifatida tanilgan. Uning asosiy maqsadi Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy ishlab chiqarilishi va aylanishiga qarshi kurashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Kimlar qatnashmoqda?

Bu sammit Osiyo mintaqasining deyarli barcha davlat yoki hukumat rahbarlari ishtirok etayotgani inobatga olinsa, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha noyob muloqot maydoni hisoblanadi. Bugunga qadar 51 ta delegatsiya rahbarlari sammitda ishtirok etishini tasdiqlagan. Ularning 12 nafari davlat rahbarlaridir.

Xususan, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Iroq, Eron, Qatar, Falastin kabi mamlakatlar prezidentlari sammitda qatnashadi. Markaziy Osiyo mintaqasidan esa faqatgina Afg‘oniston ishtirok etmayapti.

Sammitning asosiy prinsiplari

Suveren tenglik va suveren huquqlarni hurmat qilish, nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hamkorlik, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, kuch ishlatmaslik yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik, davlatlarning hududiy yaxlitligi, qurolsizlanish va qurollarni nazorat qilish, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishdan iborat.

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashiga qaysi mamlakatlar a’zo?

Kengashning doimiy a’zolari: O‘zbekiston, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Bahrayn, Bangladesh, Vyetnam, Misr, Isroil, Hindiston, Iordaniya, Iroq, Eron, Qozog‘iston, Qatar, Kambodja, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, BAA, Pokiston, Falastin, Rossiya, Tojikiston, Tailand, Turkiya, Shri-Lanka.

Kengashda kuzatuvchi maqomidagi mamlakatlar: Belarus, Indoneziya, Malayziya, AQSH, Ukraina, Filippin, Yaponiya, Laos va Turkmaniston.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar